Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan joriy yil 21 yanvar kuni soat 23:00 da o‘tkazilgan operativ tadbir davomida Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanida yashaydigan 27 yoshli Malika Q. ismli qiz geroin giyohvandlik moddasini ushbu operativ tadbirga biriktirilgan kishiga 700 ming so‘mga sotayotgan vaqtida tadbir tashkilotchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Sudga oid kimyoviy ekspertizaning xulosasida Malika Q. dan olingan modda «geroin» giyohvandlik moddasi ekanligi va uning umumiy salmog‘i 0,02 grammni tashkil qilishi aniqlangan.

Dastlabki tergov jarayonida Malika Q.ga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi, 5-bo‘limi bilan jinoyat ishi ochilib, unga «qamoqqa olish» jazosi qo‘llanilgan.

Mazkur turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga muvofiq, 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi jazosi belgilangan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ye.Qanoatov, O‘zA