Boks bo‘yicha Qozog‘istonda o‘tayotgan Osiyo chempionatining 22 yoshgacha bo‘lgan erkaklar va xotin-qizlar o‘rtasidagi yarim final bahslari yakunlandi.

Erkaklar toifasidagi yarim final janglarida 10 nafar bokschimiz ringga ko‘tarildi. Jang natijalariga ko‘ra, 5 nafar vakilimiz final yo‘llanmasini naqd qilgan bo‘lsa, qolgan 5 nafari bronza medali bilan taqdirlandi.

Jumladan, -51 kg. vaznda Asilbek Jalilov, -63,5 kg. vaznda esa Abdulloh Madaminov, -75 kilogrammda Javohir Ummataliyev, -86 kiloda Samandar Jalolov va +92 kg. vaznda Jahongir Zokirov oltin medal uchun bahslarni davom ettiradi.

Shuningdek, Xo‘janazar Nortojiyev, Sayat Ilyosov, Shavkatjon Boltayev, Fazliddin Erkinboyev hamda Diyorbek O‘ralov shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.

Xotin-qizlar o‘rtasidagi final oldi bahslarda Farzona Fozilova, Feruza Kazakova, Aysanem Saruarova, Aziza Zokirova va Diyoraxon Abdumannopova o‘z vazn toifalarida finalga chiqqan bo‘lsa, Humorabonu Mamajonova, Mushtariybonu Ibrohimjonova, Mohinabonu Abdullayeva, Hadichabonu Abdullayeva va Oltinoy Sotimboyeva bronza medaliga ega chiqdi.

Ma’lumot uchun, Osiyo chempionatining final bahslari 6-7-may kunlari bo‘lib o‘tadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA