Har qanday sohaning, xususan sport turlarining rivoji, ommalashishi, yangicha tamoyillarning joriy etilishi muhokamalar, fikrlar qarama-qarshiligi asosida ro‘y beradi.
Poytaxtimiz Toshkentda «Jahonda qilichbozlikni rivojlantirish» mavzuiga bag‘ishlangan qit’alararo konferensiyasi ham ayni harakatning yorqin namoyishi bo‘ldi.
120 ga yaqin davlat delegatlari ishtirok etgan ushbu anjumanda qilichbozlik sportining istiqbolli loyihalari ko‘rib chiqilmoqda. Sohaning dunyodagi eng ko‘zga ko‘ringan arboblari va mutaxassislari, Osiyo, Yevropa, Afrika va Panamerika qilichbozlik konfederatsiyasi yetakchilari hamda Xalqaro qilichbozlik akademiyasi vakillari, mutaxassislar ishtirokida qilichbozlik sportining kelgusi masalalari muhokama qilinmoqda.
Konferensiyaning ilk ish kunida «Qilichbozlikni rivojlantirish uchun yangicha yondashuvlar», «Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionati – muvaffaqiyat va taraqqiyot» kabi mavzularga e’tibor qaratildi.
Muhokamalar jarayonida Afrika qilichbozlik konfederatsiyasi prezidenti Mbagnik Ndiaye, Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasining ijrochi kotibi, hamyurtimiz Gulnora Saidova, Panamerika qilichbozlik konfederatsiyasi ijrochi kotibi Melissa Alvarenga, Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi a’zosi Entoni Jr. Donald, Yaponiya qilichbozlik federatsiyasining boshqaruvchi direktori Kiyoshi kabi mutaxassislar o‘z fikr-mulohazalari bilan ishtirok etdi.
Konferensiya o‘z ishini davom ettirmoqda.
T.Ro‘ziyev, R.Nazarmatov (foto), O‘zA