Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining bir guruh mutaxacsislari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib bemorlarni davolash, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, kadrlarning malakasini oshirish hamda aholi o‘rtasida kasallikning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib bordi.
Jumladan, respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidan professor Mirvosit Karimov, terapevt Amina Fayzullayeva va pulmonolog Elina Ismailova U.Xolmurodov nomidagi Respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bemorlarning holati, ularga yaratilgan sharoitlar va muolajalar bilan tanishdi. Bu yerdagi mavjud kamchiliklar o‘rganildi.
Shundan so‘ng, Nukus shahar tibbiyot birlashmasi shifoxonasida terapevtik, pulmonologik, ichki kasalliklar bilan og‘rigan og‘ir ahvoldagi, malakali mutaxassislar ko‘rigiga muhtoj bo‘lgan bemorlar ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularga tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha maslahatlar berildi. Bundan tashqari, shifokorlarga “Yurak ishemik kasalligi, uni diagnoz qilish va davolashning zamonaviy usullari”, “Bronxial astmani davolashda yangicha davo usullari” mavzularida master-klass va muloqotlar tashkil etildi. Shuningdek, professor M.Karimov mahalliy shifokorlarga “Gastroezofageal reflyuks kasallik: muammoning O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasi uchun dolzarbligi” mavzusida seminar o‘tdi hamda kelajakda kadrlarning bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish bo‘yicha hamkorlik dasturlari belgilab olindi.
Bundan tashqari, markaz mutaxassislari mahallalarga ham chiqib, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini tatbiq etish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib bordi.
Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Maqsudbek Madaminov va oliy toifali shifokor Salohiddin Toshpo‘latov Qoraqalpog‘iston Respublikasi bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasi bilan tanishdi. Mahalliy shifokorlar bilan birgalikda Nukus shahri va Beruniy tumanidagi shifoxonalar va poliklinikalarga borib, yuqumli kasalliklar bo‘limlarida davolanayotgan va olis hududlarda yashaydigan, ayniqsa, chorvachilik bilan shug‘ullanadigan, brutsellyoz kasalligiga chalingan qator katta yoshdagi bemorlar ko‘rikdan o‘tkazilib, ularni davolash bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ahvoli og‘ir va tashxis qo‘yishga qiyinchilik tug‘diruvchi bemorlarga teletibbiyotni yo‘lga qo‘ygan holda onlayn maslahatlar berish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, ushbu ixtisoslashtirilgan markazda yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar uchun o‘quv kurslari tashkillashtirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surati), O‘zA