Vatanimiz tarixidagi 26 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1926 yil (bundan 95 yil oldin) – san’atshunos, rassom, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Rafail Toqtosh tavallud topdi. U tatar shoiri Hodi Toqtoshning o‘g‘li. Uning ilmiy faoliyati O‘zbekiston tasviriy san’ati masalalarini yoritishga bag‘ishlangan. U 2000 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.
1942 yil (bundan 79 yil oldin) – O‘zbekiston hukumati Shimoliy Toshkent kanali qurilishi haqida maxsus qaror qabul qildi. Qarorga asosan, kanal o‘zanini uch navbatda qurib tugallash maqsadga muvofiq deb hisoblandi. Kanalning birinchi navbati qurilishi – Kaykavus arig‘idan suv oluvchi Damachi arig‘ini kengaytirish va uni bir necha kilometrga uzaytirish, Kuyi Bo‘zsuvda tuproqdan bosh to‘g‘on barpo etish bilan sekundiga 10–15 metr kub suv o‘tkazadigan magistral kanal qurishdan iborat edi.
1992 yil (bundan 29 yil oldin) – Qoraqalpoq davlat universitetiga Berdaq nomi berildi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Berdaq taxallusi bilan ijod qilgan Berdimurod Qarg‘aboy o‘g‘li (1827–1900) qoraqalpoq adabiyotining asoschisi hisoblanadi. Uning asarlarida tenglik, insonparvarlik, adolat va vatanparvarlik g‘oyalari ilgari surilgan.
1992 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatildi. Yaponiya O‘zbekistonning suverenitetini 1991 yil 28 dekabrda tan olgan. 1992 yilda Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi, 1996 yilda esa O‘zbekiston Respublikasining Tokiodagi elchixonasi o‘z faoliyatini boshladi. Ikki mamlakat o‘rtasida teng huquqli aloqalar o‘rnatildi.
1998 yil (bundan 23 yil oldin) – kompozitor, dirijyor va jamoat arbobi, O‘zbekiston xalq artisti, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Tolibjon Sodiqov (1907–1957) nomidagi xalqaro musiqiy xayriya jamg‘armasi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Tolibjon Sodiqov 1939–1948 yillarda O‘zbekiston kompozitorlari uyushmasining birinchi raisi sifatida faoliyat yuritgan.
2017 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida Mudofaa vazirligi rahbariyati bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
2018 yil (bundan 3 yil oldin) – Nepal Federativ Demokratik Respublikasi bilan O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatildi. Bu xorijiy davlatlar bilan o‘rnatilgan diplomatik aloqalar ro‘yxati 134 tani tashkil etganini anglatadi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi