Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalasini o‘rganishni tashkil etish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Spikerning birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov boshchiligidagi mazkur ishchi guruh a’zolari ishtirok etdi.

Tashkil etilgan guruh faoliyatidan ko‘zlangan maqsad YeOIIga a’zolikning ijobiy va salbiy jihatlarini chuqur tahlil qilish, milliy iqtisodiyotga ta’sirini o‘rganish, boshqa xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik istiqboliga bog‘liqligini har tomonlama ko‘rib chiqishdan iborat.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomadan kelib chiqib, 2021 yilda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasini o‘rganishni tashkil etish, ushbu mintaqaviy tuzilma imkoniyatidan kuzatuvchi davlat sifatida har tomonlama foydalanish yo‘llarini qidirish guruhning asosiy vazifalaridan biri ekani qayd etildi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston YeOIIda kuzatuvchi maqomini olgani hamda ushbu tashkilotga a’zo davlatlar bozorida to‘laqonli ishtirok etish jarayonini huquqiy tartibga solish mexanizmini chuqur o‘rganish, milliy texnik tartibga solish me’yorini YeOII talabiga moslashtirishni jadallashtirish zarurligini ta’kidlashdi. YeOII bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni samarali tashkil etish maqsadini ko‘zlovchi 2021 yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” loyihasi atroflicha muhokama qilinib, tasdiqlandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan tuzilgan mazkur ishchi guruh yig‘ilishida bildirilgan taklif, mulohazalarni tegishli mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlarga yetkazish, belgilanadigan vazifalar ijrosi ustidan parlament nazorati o‘rnatishga oid aniq chora-tadbirlar belgilab olinndi.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

matbuot xizmati