21 yanvar kuni O‘zbekistondagi Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

TDSHUda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda universitet va markaz o‘rtasida amalga oshirilgan hamkorlikdagi ishlar ijobiy baholanib, kelgusi vazifalar kelishib olindi.

Jumladan, 2021 yilda Shanxay hamkorlik tashkilotining 20 yillik yubileyi nishonlanishi munosabati bilan shu yo‘nalishda TDSHU professor-o‘qituvchi va talabalari bilan hamkorlikda turli tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.

Shu bilan birgalikda “Konfutsiy ta’limotida xalq diplomatiyasi”, Maxatma Gandi, Muhammad Iqbol kabi shaxslarning tavallud kuniga bag‘ishlangan seminarlar, Xitoy tili va madaniyati kuni festivali hamda “Yoshlar va xalq diplomatiyasi” mavzusida xalqaro konferensiyani hamkorlikda o‘tkazish rejalashtirildi.

Uchrashuvda universitet rektori Gulchehra Rixsiyeva SHHTga a’zo davlatlar milliy-madaniy merosini o‘rganish, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchini mustahkamlash va millatlararo muloqotni kengaytirish borasida TDSHUda ham keng ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.

Markaz direktori Qobiljon Sobirov SHHT Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan 2020 yilda nashr qilingan bir qator adabiyotlarni TDSHU axborot resurs markaziga taqdim qildi.

 

Elyor Mahmudov,

TDSHU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori