Bugun o‘tkazilgan Markaziy bank boshqaruvi yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Maqsad esa inflyatsiya dinamikasini yanada pasaytirish, iqtisodiyotda real foiz stavkalarini ijobiy darajada saqlab qolish va iqtisodiy faollikning tiklanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Shuningdek, joriy yilda Markaziy bank Hukumat bilan birgalikda inflyatsiyaning yil oxiriga 10 foizdan past bo‘lgan oraliq maqsadli ko‘rsatkichiga erishish uchun barcha zaruriy choralarni ko‘rib boradi.
– Inflyatsiyaga oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgarishi nisbatan yuqori – 6,5 foiz band hissa qo‘shdi, – deydi Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev. – Mazkur tovarlar guruhi bo‘yicha inflyatsiya darajasi ancha yuqori bo‘ldi va yil yakuni bo‘yicha 15,3 foizni tashkil qildi. Shunga qaramay 2020 yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya darajasi 2019 yildagi 15,2 foizga nisbatan sekinlashib, 11,1 foizni tashkil etdi.
Aslida ham oziq-ovqat inflyatsiyasiga bosim, asosan mavsumiy omillar, barqaror talab, jahon va asosiy savdo-hamkor davlatlar oziq-ovqat bozorlaridagi narxlarning o‘sishi ta’sirida yuzaga keldi. Bunda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari yuqori darajada o‘sdi. Misol uchun, kartoshka narxi – 42 foizga, tuxum – 38 foizga, o‘simlik yog‘i – 27 foizga, shakar – 21 foizga, go‘sht mahsulotlari – 18,1 foizga va non mahsulotlari – 15,2 foizga qimmatlashdi.
Shu tariqa o‘tgan yilda nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar narxlarining o‘sish sur’atlari umumiy inflyatsiyadan sezilarli darajada past bo‘lib, mos ravishda 8,8 foiz va 7,1 foizni tashkil etdi.
Tadbirda o‘tgan yilda pandemiya tufayli noaniqliklarning kuchayishi ta’sirida inflyatsion kutilmalarning nisbatan o‘sgani qayd etildi. Bu aprel va iyul oylariga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, avgust oyida kutilmalar pasaya boshladi va aholi uchun 17-18 foiz hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun 18-19 foiz darajasiga yetgan Bu, o‘z navbatida, inflyatsion kutilmalarning jilovlanmaganligini ifodalaydi.
Asosiy savdo-hamkor davlatlarda ham inflyatsion kutilmalarning o‘sishi va joriy inflyatsiyadan yuqori farqlanishi kuzatilib, bu jahon bozorlarida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgaruvchanligini va iqtisodiy agentlarning kelajakdagi tendensiyalar bo‘yicha noaniqliklarning mavjudligi bilan izohlanadi.
Sayyora SHOEVA, O‘zA