Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 yanvar kuni Buxoro viloyatiga kelib, vertolyotda Olot tumaniga yo‘l oldi.
Bu – hududlar iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan joriy yilgi birinchi tashrif.
Va u mazkur chekka tumandan boshlanayotganibejiz emas.
2020 yil 27 aprel kuni Buxoro viloyatiga janubdan kuchli shamol kirib kelgan edi. Uy-joylar, infratuzilma va ekinlarga katta zarar yetkazgandi.
Davlatimiz rahbari zudlik bilan u yerga yetib borib, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish, turar joylar va ijtimoiy ob’ektlarni ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Qisqa muddatda zarur ishlar bajarilib, hayot o‘z maromiga qaytdi.
Bu galgi safar chog‘ida Prezident vertolyotda ushbu ishlar qamrovini ko‘zdan kechirdi.
Xususan, Olot, Qorako‘l, Jondor, Romitan, Peshku va Shofirkon tumanlarida 45 mingta uy, 204 ta ko‘p qavatli turar joy ta’mirlangan. Mingdan ortiq ijtimoiy soha va tadbirkorlik ob’ektlari, yo‘llar, elektr, gaz va aloqa tarmoqlari tiklangan.
Ayni paytda davlatimiz rahbari shu yerlik aholi bilan muloqot qilmoqda.