Davlatimiz rahbari joriy yilning 15 yanvar kuni Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi qurilishi bilan tanishish chog‘ida yurtimizda nefrologiya sohasini rivojlantirish lozimligini ta’kidlagan edi.
Ma’lumki, mamlakatimizdagi tabiiy sharoit buyrak kasalliklarini keltirib chiqarish omillaridan biridir. Jumladan, 2020 yilda surunkali buyrak kasalligi bilan 118 mingdan ziyod bemor dispanser kuzatuvida turgan bo‘lsa, ularning 23 ming nafarida surunkali buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan, 5 ming nafardan ziyodi esa gemodializga muhtojlik sezgan. Bu esa davolashning zamonaviy infratuzilmasini tashkil etish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu yo‘nalishdagi ishlarni rivojlantirish maqsadida “Nefroplyus” (Hindiston) kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida gemodializ xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar qildi.
bugungi kunda yurtimizda barcha gemodializ xizmatlari byudjet mablag‘lari hisobidan davlat tibbiyot muassasalari tomonidan amalga oshirilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu yo‘nalishdagi xorijiy tajribani o‘rganish natijasida ko‘p davlatlarda bu xizmatlar xususiy sektor bilan hamkorlikda amalga oshirilishi aniqlandi.
Shuningdek, vazirlik bir yil davomida xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda yurtimizda gemodializ xizmatlarining sifati, ularni tashkil qilish mexanizmi, texnologiyasi va ularni jahon standartlariga olib chiqish uchun nimalar qilish kerakligi haqida hisobot tayyorladi. Natijada mamlakatimiz hududlarida eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan gemodializ markazlarini barpo etishga ehtiyoj borligi aniqlandi.
— Ushbu kelishuv asosida Hindistonning “Nefroplyus” kompaniyasi bemorlarga gemodializ muolajasini ko‘rsatish sohasida faoliyat olib boradi, — dedi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov. — Davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihaning qiymati 9,8 million dollar bo‘lib, uni amalga oshirishning birinchi bosqichi davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Toshkent shahrida 4 ta gemodializ markazi quriladi va u zarur zamonaviy tibbiy jihozlar hamda malakali mutaxassislar bilan ta’minlanadi. Loyiha doirasida 10 yil davomida ushbu hududlarda gemodializga muhtoj 1 ming 100 nafar bemorga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.
Zamonaviy gemodializ markazlari xalqaro standartlarga mos ravishda qurilib, 2022 yilning fevral oyida ishga tushiriladi. Loyihaning ikkinchi bosqichida mamlakatimizning boshqa hududlarida ham huddi shu jarayonlarni davom ettirish rejalashtirilgan.
Muhimi, davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida yurtimizga investitsiya kirishi hamda tibbiy xizmatlar sifati oshishi barobarida yuqori texnologiyalar ham kirib keladi. DXSHning shartlariga ko‘ra, “Nefroplyus” kompaniyasi bitim muddati tugaganidan so‘ng (10 yildan keyin) qurilgan gemodializ markazlari binolarini tibbiy uskuna va yaratilgan sharoitlari bilan Sog‘liqni saqlash vazirligiga topshiradi.
Ta’kidlash lozimki, hozirgi kungacha vazirlik tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida 12 ta loyiha imzolandi. bugungi kunda tibbiyot yo‘nalishida respublika miqyosida amalga oshiriladigan 14 ta xalqaro loyiha hamda 2 ta yirik loyiha ustida ishlanmoqda.