bugungi sud-huquq tizimidagi islohotlar sudlarning chinakam mustaqilligini, ularning ochiq va shaffofligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, so‘nggi 4 yil davomida sud-huquq sohasini isloh etish borasida 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Bu ishlar yanada davom ettirilmoqda.

Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda sudlar faoliyati bilan bog‘liq bir necha salbiy chiqishlar kuzatildi. To‘g‘ri, jamiyatda so‘z erkinligi ta’minlanmoqda. Ammo bu degani bilib-bilmay sudga ta’sir o‘tkazish, ommaga noto‘g‘ri axborot berish kerak degani emas-ku!

2020 yil 28 dekabr kuni “UzNews.uz” axborot agentligi muxbiri tadbirkorlik sub’ekti murojaatiga ko‘ra Oliy sudning iqtisodiy ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilayotgan ish bo‘yicha sud majlisida ishtirok etgan. Oddiygina sud majlisida raislik etuvchining savollarini og‘ir olib, maqola yozishga jazm etgan.

Aytadiki, «Konstitutsiyaning 113-moddasida hamma sudlarda ishlar ochiq ko‘rilishi belgilangan. Ushbu tamoyil iqtisodiy, shuningdek, fuqarolik, jinoyat va ma’muriy sudlovlarni amalga oshirilishini tartibga soluvchi kodekslarda ham o‘z aksini topgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining «Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida» 2020 yil 21 fevraldagi 04-son qarorida sud muhokamasi oshkoraligi protsess ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslarga, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillariga sud majlisida qatnashish imkoniyati berilishi bilan ta’minlanishi ko‘rsatilgan».

To‘g‘ri, bu fikrga qo‘shilamiz. Ammo ommaviy axborot vositalari xodimlari qanday holatlarda video tasvirga olish masalalari ham Plenum qarorida aniq belgilab berilgan.

Sud binosi shunchaki karvonsaroy emaski, istagan odam tap etib kirib keladigan. Bu yerda nizolar ko‘riladi, taraflar yuzma-yuz bo‘ladi, inson taqdiri hal etiladi. Har bir o‘zini hurmat qilgan OAV xodimi sud majlisiga kelgach, oddiy ro‘yxatdan o‘tib qo‘ysa, olam guliston.

Viloyatga ish bilan borsangiz ham, mehmonxonaga kirib ro‘yxatdan o‘tasiz-ku. OAV sifatida siz sud jarayonini tasvirga olishingiz alohida masala. Bunda taraflar roziligi so‘raladi, albatta va raislik etuvchining ruxsati kerak.

Bu oddiy qoidalarni jurnalistlar va blogerlar tan olgisi kelmaydi negadir?! Demoqchimanki, “UzNews.uz” axborot agentligi muxbiri masalani mohiyatidan qochib maqola yozishdan oldin oddiy jurnalistika odobi, etika va madaniyatni o‘rgansa yaxshi bo‘lardi.

Sud majlisida kim ishtirok etayotganligiga aniqlik kiritish, bu uning so‘roqqa tutilishini anglatmaydi.

“Namanganliklar.uz” kanali blogerlari jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudining ochiq sud majlisiga kiritilmagani, ochiqdan-ochiq tahdid va qarshiliklarga uchragani haqida bong urishdi. Bu yerda ham vahima qilishga asos yo‘q. Chunki jurnalistlarning asosiy maqsadi – kela solib jarayonni videotasvirga olish bo‘lgan.

Ammo yuqorida aytganimizdek, buning o‘z tartibi bor. Taraflar va raislik etuvchining roziligi. Ayting-chi, har qanday huquqbuzar, jinoyatchi, meros talashayotgan fuqaro yoki shartnoma talabini buzgan tadbirkor o‘zini tasvirga tushirtirib ommaga e’lon qilishni istaydimi? Bu o‘ta nozik mavzu. Shuning uchun ham Oliy sud Plenumida bu holat muhokama qilinganida taraflar roziligi masalasi alohida e’tiborga olindi.

Ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga sabab bo‘lgan yana bir voqea bu “Effekt.uz” muxbiri E.Tojiboyevning tasvirchisi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudiga borib janjal uyushtirgani bo‘ldi.

«Biz ommaviy axborot vositadanmiz, biz sudni yoritishga haqlimiz», deydi muxbir. Uning sud raisiga bosim o‘tkazgani tarqatilgan videoda ochiq oydin ko‘rinib turibdi.

Ko‘pgina bloger va jurnalistlar Bosh qomusimizda belgilangan «sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi» deya iddao qilishadi. Go‘yo faqat o‘zlariga tegishli moddani o‘qigandek. Ammo 112-moddani unutadilar. Ya’ni, «Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatlariga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi».

Muxbir E. Tojiboyev faqat o‘z manfaatini o‘ylab masalaga yondashadi. Vaholanki, 2018 yil 29 yanvar kuni tasdiqlangan «Sudyalarning odob-axloq kodeksi» 14-moddasida «Ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro munosabatlar masalasi ham chetda qolmagan.

Sudya ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikka doimo tayyor. Sud ishlarini ommaviy axborot vositalarida professional darajada yoritishga ko‘mak berishi zarur.Chunki bu nafaqat fuqarolarning huquqiy ongini shakllantirishga va sudga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, odil sudlov nufuzini oshirishga, balki ommaviy axborot vositalariga ham muhim ijtimoiy vazifaning bajarilishiga, ya’ni fuqarolarni barcha ijtimoiy jihatdan ahamiyatli voqealardan xabardor etishga xizmat qiladi».

JURNALIST INTERVYU OLMOQCHI…

Deylik, sud jarayoni ketayapti. Jurnalist rais huzuriga kirib intervyu olmoqchi. Hali qaror qonuniy kuchga kirmagan. Kodeksning 14-moddasida aniq yozib qo‘yilgan: «Sudning ish yurituvida bo‘lgan ishlar bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlari qonuniy kuchga kirgunga qadar sudya ular yuzasidan ommaviy axborot vositlarida chiqishga haqli emas».

Sudya buni juda yaxshi biladi. Shuning uchun kasb qoidalariga amal qilib, intervyu berishga shoshilmaydi.

«Biz bu sud jarayonini tasvirga olishimiz kerak», deydi muxbir. Axir bu masala ham Oliy sud Plenumi qarorida aniqlashtirib berildi.

Ya’ni uning 14-bandida ochiq sud majlisini fototasvirga tushirish, videoyozuvni amalga oshirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida translyatsiya qilishga quyidagi tartibda yo‘l qo‘yiladi.

OAV xodimlariga tushunarli bo‘lishi uchun Plenum qarorida keltirilgan so‘zlarni aynan keltiramiz:

a) fuqarolik ishini ko‘rish paytida – sud majlisida raislik qiluvchining taraflar roziligi olingandan keyin bergan ruxsati bilan;

jinoyat, ma’muriy, iqtisodiy ishni va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish paytida – sud majlisida raislik qiluvchining taraflar fikrini eshitgandan keyin bergan ruxsati bilan;

b) ochiq sud majlisida audioyozuvni amalga oshirishga quyidagi tartibda yo‘l qo‘yiladi:

fuqarolik ishini ko‘rish paytida – sud majlisida raislik qiluvchining taraflar roziligi olingandan keyin bergan ruxsati bilan;

jinoyat ishi va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish paytida – sud majlisida raislik qiluvchining taraflar fikrini eshitgandan keyin bergan ruxsati bilan.

Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, sud majlisi zalida hozir bo‘lganlar har qanday ish bo‘yicha erkin tarzda yozma qaydlar qilishlari, stenogramma yuritishlari, iqtisodiy ish yoki ma’muriy huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan ish ko‘rilayotganda esa, shuningdek, audioyozuv olib borishlari mumkin.

Protsess ishtirokchilari iltimosnomalarini, ommaviy axborot vositalari vakillari murojaatlarini qanoatlantirish yoki rad etish haqida sud joyida ajrim chiqaradi va sud majlisi bayonnomasiga kiritadi.

Sud ommaviy axborot vositalari vakillarini tarqatilayotgan axborotning to‘g‘riligi, haqqoniyligi, xolisligi va ishonchliligi uchun javobgarlik haqida ogohlantiradi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida yozib qo‘yiladi.

Afsuski, jurnalist E. Tojiboyev Oliy sud Plenumining ushbu bandlarini sinchiklab o‘qimagan. Agar o‘qigan bo‘lganida, janjal uyushtirishga hojat ham bo‘lmasdi. Qani, bu yerda jurnalist odobi, etikasi, muomala madaniyati? Afsuski, ko‘pgina blogerlar, jurnalistlar sohani yoritar ekan, qonun-qoidaning ichiga chuqurroq kirib bormaydi.

Yuqoridagi uch holat bo‘yicha Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmatlari tomonidan darhol tegishli raddiya – munosabat bildirildi. Ayni paytda “Effekt.uz” muxbiri E. Tojiboyev xatti-harakati yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, o‘rganib chiqish uchun prokuratura idoralariga yuborilgan.

Aytish joizki, bugungi kunda sud-huquq sohasidagi islohotlar bois OAV bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Oliy sudda Jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik boshqarmasi tashkil etildi. Viloyatlarda boshqarmaning bittadan xodimlari ish olib bormoqda. Ular jurnalistlar va blogerlarning har qanday savoliga javob berishga tayyor. Murojaat qilinsa bo‘ldi.

Zokirjon Qo‘ziboyev,

Oliy sud Jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik boshqarmasi katta konsultanti