Ma’lumki, Prezidentimizning “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yilgan.

Loyihada belgilanishicha, respublikada talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha iqtidorli mutaxassislarni nufuzli xorijiy ta’lim, ilmiy va boshqa muassasalarda tayyorlashning samaradorligini tubdan oshirish maqsadida 2021 yil 1 apreldan boshlab:

– “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali nufuzli xorijiy oliygohlarning magistratura va doktoranturasida o‘qishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshiriladi;

– “El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan xorijda bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish tizimi joriy etilib, 2021 yilda 100 nafar yoshlar xorijga ta’lim olish uchun yuboriladi;

– “El-yurt umidi” jamg‘armasi ta’lim dasturlari bo‘yicha nomzodlarni saralashni ochiq stipendiya tanlovi asosida O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari uchun ularning respublikadagi ish va o‘qish joyidan qat’i nazar muntazam ravishda o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin;

– bakalavriat, magistratura va doktoranturada o‘qish dasturlari uchun stipendiya tanlovini nufuzli xorijiy ta’lim, ilmiy yoki boshqa muassasadan o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi taklifnoma asosida o‘tkazish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

Davlat xizmatchilari va mutaxassislarini xorijda tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha aniq choralar ishlab chiqiladi va amaliyotga tatbiq etiladi.

O‘zA