O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Fuat Oktay bilan telekonferensaloqa shaklidagi muzokarasi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar investitsiya, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama shartnomalarni amalga oshirishning joriy holati hamda ularni hayotga tatbiq etishni jadallashtirish bo‘yicha kelgusi chora-tadbirlarni muhokama qildilar.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘tgan yil fevral oyida Turkiyaga amalga oshirgan tashrifi yakunlari bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga kiritilgan loyihalarni ruyobga chiqarish bilan bog‘liq qator masalalar ko‘rib chiqildi. Shu nuqtai nazardan, tomonlar qo‘shma loyiha va tashabbuslarni hayotga joriy qilishda har ikki mamlakat tadbirkorlarini amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga sodiqligini bildirdi.

Turkiyaning hududlarda sanoatni rivojlantirish borasidagi tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash va maxsus iqtisodiy zonalar samarali faoliyatini tashkil etishning amaliy jihatiga to‘xtalib o‘tildi.

Tegishli vazirliklar tomonidan O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi Bitimni qisqa muddatda kelishish hamda tasdiqlash borasida birgalikda olib borilayotgan ishlarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Muloqot chog‘ida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Turkiya hukumatlararo komissiyasining 6-yig‘ilishini o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu o‘rinda, tadbir doirasida o‘zbek va turk tadbirkorlari ishtirokida ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rag‘batlantirish va sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yangi loyihalarni shakllantirishga qaratilgan biznes-forum tashkil etishga kelishib olindi.

Muzokara yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlashga qaratilgan yaqin hamkorlikni davom ettirish fikrini ma’qulladilar.

 

O‘zA