“O‘zmilliybank” AJ Boshqaruvining joriy yil 16 yanvarda o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishida 2020 yil natijalari va 2021 yil uchun belgilangan istiqbolli rejalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida keltirib o‘tilgan barcha vazifalarga to‘xtalib, bank faoliyatida ular ijrosini ta’minlash borasida ish rejalari tasdiqlanganligi va unga muvofiq tegishli ishlar olib borilishi qayd etildi.

Shu bilan birga, yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida joriy yil 11-16 yanvar kunlari “Mahallabay” ishlash tizimini tashkil etish yuzasidan o‘tkazilgan o‘quv-amaliy seminar natijalari, unda olingan bilim va tajribalarni  bankning barcha filiallari xodimlariga yetkazish, hududlarda shu kabi o‘rganishlarni o‘tkazishda berilgan tavsiyalarga to‘liq amal qilish vazifalari berildi.

2020 yil yakunlari bilan bank aktivlari 79,8 trillion so‘mni tashkil etib, kredit portfeli 65,6 trillion so‘mni, jami depozitlar 17,2 trillion so‘mni shundan, yuridik mijozlar depozitlari 12,7 trillion so‘mni tashkil qildi.

2020 yil davomida bank tomonidan jami 885 ta loyihalar, shundan, hududlarni rivojlantirish dasturlariga asosan
514 ta loyiha moliyalashtirildi.

Jumladan,Toshkent shahrida “Texnopark” MCHJда maishiy uy-ro‘zg‘or texnikalari  (muzlatkichlar, konditsionerlar, kir yuvish mashinalari, suv nasoslari va gaz hisoblagichlar) ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

 

 

Navoiy viloyati G‘ozg‘on shahrida 37 gektar yer maydonida tabiiy toshlarni qazish va qayta ishlashga ixtisoslashgan “Marmarobod” yirik klaster loyihasi ishga tushirildi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumanida yillik quvvati 6800 tn bo‘lgan “Shomanay Eco Teks” MCHJ hamda Jizzax viloyati Zomin tumanida yillik quvvati 5000 tn bo‘lgan “Ostex Jizzakh” MCHJ QK yirik zamonaviy ip-yigiruv korxonalari ishga tushirildi.

“O‘zbekiston Temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Toshkent shaxrida yer usti halqa metro liniyasining birinchi bosqichi bo‘lgan «Do‘stlik-2 – Qo‘yliq» yo‘nalishi qurib bitkazildi. Metroning ushbu uchastkasida 7 ta bekat barpo etilgan. Yangi yo‘nalishning uzunligi 11,5 kilometr.

Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida “Sub-dry” ma’suliyati cheklangan jamiyatining qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sublimatsiya yo‘li bilan quritishni tashkil qilish loyihasi.

Pandemiya oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish uchun aylanma mablag‘ tanqisligiga duch kelgan tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun 5,3 trillion so‘m miqdorida kreditlar ajratildi va 210 mingta mijozning 5,1 trillion so‘m asosiy qarzi hamda 560 milliard so‘m foiz to‘lovlari muddatlari uzaytirilib berildi.

Hisobot yilida bank faoliyatining barcha yo‘nalishlari tahlil qilinib tegishli hisobotlar eshitildi, bajarilgan ishlar taqdimotlari o‘tkazildi.

Yig‘ilishda bankni 2021 yilda strategik rivojlantirish bo‘yicha belgilangan istiqbolli rejalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

2021 yil natijalari bilan “O‘zmilliybank” AJning umumiy aktivlari hajmini 91,7 trillion so‘mga va bankning kredit portfelini 77,1 trillion so‘mga hamda jami yuridik va jismoniy shaxslarning depozitlari qoldig‘ini 17,8 trillion so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.

Iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab quvvatlash, samarali loyihalarni moliyalashtirish maqsadida, 2021 yilda bank tomonidan jami 540 ta loyihaga 16,5 trillion so‘m kreditlar ajratiladi.

Bunda, 27 ta yirik loyihaga – 8,8 trillion so‘m, hududlarni rivojlantirish dasturlaridagi 371 ta loyihaga – 6,5 trillion so‘m va boshqa yo‘nalishlardagi 142 ta loyihaga – 1,2 trillion so‘m bank kreditlari ajratiladi.

Jumladan, Aholi punktlariga aloqa xizmatlarini yetkazish va ijtimoiy ob’ektlarni global internet xizmatlari bilan ta’minlash maqsadida “Universal Mobile Sistem” jamiyati loyihasi, Termiz halqaro aeroportini rekonstruksiya qilish loyihasi, Olmaliq kon metallurgiya kombinati hamda O‘zmilliybankning “NBU Invest Group” investitsiya kompaniyasi  bilan birgalikda Jizzax viloyati Forish tumanida 2001 yili faoliyati to‘xtatilgan va juda katta miqdorda qo‘rg‘oshin va sink zaxiralariga ega “Uch quloch” ruda konini o‘zlashtirish loyihasi, Nurafshon shaxrida “Nurafshon maxsus texnika” jamiyatida maxsus va xalq xo‘jaligi uchun maxsus texnikalarni ishlab chiqarish loyihasi,“Oxangaronsement” jamiyati tarkibida qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha sanoat klasterini yaratish loyihasi va boshqalar.

Yig‘ilishda Bankning respublika apparatidagi tarkibiy tuzilmalari rahbarlariga filiallar xodimlari malakasini oshirish, yosh kadrlarni qayta tayyorlash, “maxallabay” o‘rganishlarni olib borish tartiblarini o‘rgatish maqsadida, o‘quv uslubiy seminarlar, vebinarlar o‘tkazish reja grafiklarini ishlab chiqish hamda ularni sifatli tashkil qilish topshiriqlari berildi.

Bank filiallari boshqaruvchilari va Bosh ofisdagi tarkibiy tuzilmalari rahbarlariga 2021 yil uchun belgilab olingan vazifalar ijrosini ta’minlash, mijozlarga sifatli bank xizmatlarini taqdim qilish ishlarini amaldagi qonunchilik hujjatlariga to‘liq rioya qilgan holda olib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bank matbuot xizmati,

Reklama huquqi asosida