Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2020 yilda tijorat banklari tomonidan 77 ming 274 nafar jismoniy shaxsga 9,1 trillion so‘m miqdorida (2019 yilga nisbatan 1,1 trillion so‘m ko‘p) ipoteka kreditlari ajratilgan.

Ajratilgan ipoteka kreditlari 2019 yilga nisbatan Toshkent shahrida 87,4 foizga, Navoiy viloyatida 81,9 foizga, Sirdaryo viloyatida 63,2 foizga, Samarqand viloyatida 34,8 foizga o‘sdi.

Ipoteka kreditlarining 5,1 trillion so‘mi “Qishloq qurilish invest” IK hamda “O‘zshahar qurilish invest” IK tomonidan qurilgan uylarni, 3,7 trillion so‘mi birlamchi bozordagi uylarni, 0,3 trillion so‘mi ikkilamchi bozordagi uylarni sotib olish uchun ajratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida joriy etilgan yangi tartibga muvofiq, 2020 yilda 7 ming 927 nafar fuqaroga 1747 milliard so‘m ipoteka krediti ajratildi.

Ipoteka kreditlarining 749 milliard so‘mi 1 va 2 xonali xonadonlarni, 998 milliard so‘mi esa 3 va undan ko‘p xonali xonadonlarni sotib olish uchun berilgan. Ajratilgan mazkur ipoteka kreditlarining eng yuqori ulushi Samarqand viloyati (422,1 milliard so‘m), Toshkent shahri (343,5 milliard so‘m), Farg‘ona viloyati (174,1 milliard so‘m) hamda Surxondaryo viloyati (163,1 milliard so‘m) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ta’kidlash joizki, yangi tartib doirasida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj, subsidiya mablag‘i ajratilgan 2 ming 192 nafar fuqaroga 503,8 milliard so‘m miqdorida ipoteka krediti ajratilgan.

O‘zA