Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumani mudofaa ishlari bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug boshqaruv apparati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari mas’ul ofitserlari, tuman hokimligi, faxriylar va yoshlar ishtirok etdi.
Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga xabar berdi.
Tuman hokimi Davletbay Utemuratov yurtimizda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga hamohang tarzda barpo etilgan mudofaa ishlari bo‘limining binosi endilikda yoshlarni harbiy xizmatga sifatli tayyorlash, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maskaniga aylanishiga tilak bildirdi.
Darvoqe, “Armiya ostonasi” deya e’tirof olgan tuman, shahar, viloyat mudofaa ishlari bo‘lim va boshqarmalari o‘sib kelayotgan yosh avlodni harbiylikka tayyorlash va saralash kabi vazifalardan tashqari, ularda vatanparvarlik, sadoqat va jasorat kabi tuyg‘ularni ham shakllantiradigan maskanlarga aylangan.
Ta’kidlash joizki, bunga qadar tumanning mudofaa ishlari bo‘limi o‘zining binosiga ega bo‘lmagani sabab, o‘ndan ortiq joylarda vaqtinchalik joylashib kelayotgan bo‘lgan. Xalqimizda “O‘z uying – o‘lan to‘shaging” deganlaridek, ko‘p mashaqqatlarni boshidan o‘tkazgan ushbu muassasa o‘z “uyi”ga ega bo‘lmagani sabab nafaqat ishchi-xodimlar, balki aholi ham bir qancha qiyinchiliklarga duch kelgani, ayni haqiqat. Hozirda mudofaa ishlari bo‘limi ikki tumanga – Kegeyli va Bo‘zatovga qaraydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi harbiy-ma’muriy sektori tomonidan ajratilgan pul mablag‘lari hisobidan tuman mudofaa ishlari bo‘limining yig‘in punkti oldida, bo‘sh turgan yer maydonida yangidan ikki qavatli harbiy muassasa qurilib, bitkazildi. Zamonaviy dizayn asosida qurilgan va aholiga xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan ushbu binoda navbatchilikni o‘tash uchun xona, boshqaruv punkti, arxiv, jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish uchun maxsus joy hamda xizmat xonalaridan iborat jami 23 ta xona mebel, “qish-yoz” tizimida ishlaydigan sovutish tizimlari, kompyuter jamlanmalari va boshqa zarur buyumlar bilan jihozlandi.
Tantanali tadbir davomida ushbu muassasani bunyod etishda fidoyilik ko‘rsatgan “Nukus indaststroy” qurilish tashkiloti bunyodkorlarining xizmatlari alohida e’tirof etildi.
Mehmonlar muassasada yaratilgan shart-sharoitlar, qulaylik va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.
O‘zA