O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Sovuq kunlarda aholini gaz, elektr energiyasi va ko‘mir bilan ta’minlashda kuzatilayotgan muammolar» mavzuida brifing o‘tkazildi.

Energetika vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari ishtirokida tashkil etilgan brifingda mamlakatimiz bo‘ylab sovuq harorat kutilishi oldidan aholini gaz, elektr energiyasi va ko‘mir bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Energetika vaziri Alisher Sultonov ushbu haftaning oxiriga kelib, O‘zbekistonda sovuq ob-havoning yangi to‘lqini noldan past haroratgacha tushishi kutilayotganiga ahamiyat qaratib, mavjud barcha vaziyatdan xabardorligi, mummolarni yengillashtirish, uy-joylar va ish joylarining barqaror energiya va gaz bilan ta’minlashga erishish uchun barcha chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga urg‘u berdi.

– Vaziyatning tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, elektr ta’minotining mavjud tizimi talab keskin oshib ketgan paytlarda samarali ishlamay qolmoqda, – dedi vazir A.Sultonov. – Hozirgi paytda katta investitsiyalar dasturi va eskirgan tizimni modernizatsiyalash ishlari amalga oshirilmoqda. Ammo ushbu dastur natija berishi uchun ko‘p vaqt talab qilinadi. Ayni paytda vazirlik va uning bo‘linmalari sovuq qish sharoitida odamlarga yordam berish uchun tegishli say’-harakatlarni amalga oshirmoqda. Yanvar oyining so‘nggi o‘n kunligidagi sovuq ob-havoni hisobga olgan holda 10 kun ichida respublika iste’molchilariga 2 milliard 318,7 million kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib berish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda respublika viloyatlari bo‘yicha ko‘mir omborlarida jami 156 ming 635 tonna ko‘mir va briket zaxirasi mavjud. Respublikada aholi iste’molchilariga kunlik ko‘mir yetkazib berish hajmi 4 ming tonnani tashkil qiladi. Shuningdek, tabiiy gaz iste’molchilariga

20 yanvardan 1 fevralgacha 1 milliard 163 million metr kub tabiiy gaz yetkazib beriladi. Shundan aholi ilte’molchilariga 770 million metr kub va ulgurji ist’emolchilarga 393 million metr kub tabiiy gaz yetkazib beriladi. Bu 2020 yil dekabr’ oyining uchinchi o‘n kunligiga nisbatan 978 million metr kubga ko‘p yetkazib beriladi. Xuddi shuningdek, respublika bo‘yicha un kunda aholi iste’molchilariga 19 ming 210 tonna suyultirilgan gaz yetkazib beriladi. Bu miqdor 2020 yilning mos davriga nisbatan 210 tonnaga ko‘pni tashkil etadi. Shu bilan birga, hozirgi kunda joylarda 8 ming

253 tonna suyultirilgan gaz va 28 ming ta gaz ballon zaxirasi mavjud.

Brifingda qayd etilganidek, havo haroratining keskin pasayib ketishi elektr energiya va tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshiradi. Bu holat esa tabiiy gaz bosimining pasayib ketishiga va elektr energiyasi ta’minotida uzilishlarga olib kelishiga olib keladi. Shu bois, mazkur resurslardan oqilona foydalanish va ulardan samarali foydalanishda nafaqat mas’ullar, tizimdagi ko‘rilayotgan choralar, balki iste’molchilar mas’uliyati ham talab etiladi. Tadbirda bu kabi holatlar bo‘yicha eslatmalar ham berildi.

Unda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonovning ma’lum qilishicha, 2021 yilning 18 kunida respublika bo‘yicha iste’molchilarga 3 milliard kVt. soat, shundan aholiga 1,1 milliard kVt. soat va ulgurji iste’molchilarga 1,9 milliard kVt. soat miqdorida elektr energiyasi yetkazib berilgan.

– Xabar berilgani kabi kutilayotgan sovuq kunlarga ham puxta taraddud ko‘rilgan, – dedi J. Obidjonov. – Jumladan, tarmoqlarda sodir bo‘ladigan avariyaviy o‘chishlarni tezkor bartaraf etish maqsadida hududlarda jami 481 ta tezkor avariyaviy chiqish brigadalari tuzildi, ularga 378 ta maxsus avariyaviy chiqish mashinalari va maxsus texnikalar ajratildi. Hududiy korxonalarda 395 dona tarmoq transformator, 191,8 tonna transformator moyi, 947 dona tayanch, 53,9 tonna turli o‘lchamdagi sim, 41,5 kilometr kabel mahsulotlari hamda 638 dona kabel muftadan iborat zaxira yaratildi.

– Joriy yilning 21 yanvar kunidan havo haroratini pasayishini inobatga olgan holda qo‘shimcha 236 ta maxsus avariyaviy qutqaruv brigadalar shakllantirildi. Ushbu brigadalar ertaga kunning ikkinchi yarmidan navbatchilikni boshlab, to sovuq havo oqimi o‘tib ketgunga qadar doimiy ravishda ishini amalga oshiradi. Shu bilan birga, 19210 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish va 8253 tonna zahira suyultirilgan gaz hajmlari hozirgi vaqtda viloyatlarimizdagi gaz to‘ldirish shahobchalarimizda shakllantirildi. Bundan tashqari, olis hududlarimizda havo harorati keskin pasaygan vaqtda tog‘li hudud, chegara oldi hududlarimizda suyultirilgan gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan maskanlarga bugun erta zahira suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib beriladi, – dedi brifingda “Hududgazta’minot” AJ boshqaruvi raisi Bahodir Eshmurodov.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA

yozib oldi