Yozning issiq yoki qishning qahraton kunlarida yo‘l o‘rtasida quvur yorilishi oqibatida behuda oqib yotgan suvga achinib o‘tish holati hech birimizga begona emas.

«Toshkent shahar suv ta’minoti» matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, Toshkent shahrida 3700,8 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i mavjud bo‘lib, avariyalar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Masalan, 2019 yilda 10 ming atrofida avariya bo‘yicha ta’mirlash ishlari bajarilgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 12 mingtaga yetgan.

Har bir sohada ilg‘or, zamonaviy, tejamkor texnologiyalar joriy etilayotgan hozirgi davrda bu tizimda nega ish orqaga ketmoqda? Dunyoda suvning qadri oltinga teng ekani qayd etilayotgan bir vaqtda nega e’tiborsizlik qilinmoqda?

– Bu kabi muammolarning barchasi mablag‘ masalasiga borib taqaladi, ayni vaqtda ishlab chiqarish xarajatlari qoplanmagani sababli yangilash yoki ta’mirlash bilan bog‘liq ishlar bajarilmay qolmoqda, – deydi «Toshkent shahar suv ta’minoti» rahbari Maqsud Abbosxonov. – Imkoniyatdan kelib chiqib, bajarilayotgan ishlar esa yetarli emas. Sohaning abgor holatga kelib qolishiga sabablar ko‘p. Ulardan biri, bundan bir necha yil oldin Osiyo taraqqiyot banki (OTB) dan kredit olib, tozalash inshootlari yangilangan. Endi esa kreditni yopish uchun 2027 yilga qadar yiliga 1,5 million dollar mablag‘ni to‘lab turish kerak. Biz kredit olgan vaqtda bir dollarning narxi 4 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, endi 10 mingdan oshib ketdi. Ana shu kredit tufayli ham zarar ko‘rayapmiz.

Kamiga 1991-2000 yillarda suv sohasiga hech kim e’tibor qaratmagan, narxlar bilinar-bilinmas o‘zgargan. O‘tgan yillarda suv ta’minoti alohida tarmoq sifatida faoliyat yuritmagan. Suvdan kelgan mablag‘lar kommunal xizmatlarning boshqa maqsadlariga yo‘naltirib yuborilavergan. Natijada hozir to‘lanayotgan 1 ming 100 so‘mning atigi 410 so‘mi bizga tushadi. Shundan 310 so‘mi bizda qoldirilib, 100 so‘mi kommunal xizmatlar fondiga yo‘naltirilgan.

Hisoblab ko‘rilsa, aslida suvning tannarxi 350 so‘mga tushmoqda. Biz esa ham xizmat qilib, ham zarar ko‘rib turibmiz. Ana shu zararni bartaraf qilish, avtoparkimizni yangi texnikalar bilan boyitish, quvurlarni yangilash uchun suv narxini oshirishga to‘g‘ri kelmoqda.

Ayni vaqtda nega tezkorlikka erishilmayotgani haqida aytadigan bo‘lsak, sovuq suv avtoparkida mavjud 125 avtomashinaning 70 foizi eskirgan. Ular 1970-1978 yillarda olingan, benzinda yuradigan avtomashinalar. Kamiga eskirgan qismlarni tinimsiz ta’mirlash bizga qimmatga tushmoqda. Zamonaviy tejamli texnikalar xarid qilish esa faqat foyda evaziga bo‘lishi nizomda ko‘rsatilgan.

Tizimning holatini o‘tgan yilning dekabr oyida Oliy Majlis deputatlari o‘rganib chiqib, suvning narxini aholi uchun 400 so‘m, tashkilotlarga esa ming so‘m qilishga ruxsat berishdi.

Endi biz yillar davomida ko‘rilgan zararni qoplash va sohani rivojlantirish uchun mablag‘ga ega bo‘lamiz. Agar ishni to‘g‘ri tashkil qilsak, endi ana shu 50 so‘m evaziga bir yilda 2,5 milliard so‘m foyda ko‘rar ekanmiz. Buning evaziga biz suv quvurlarini va avtomashinalar parkini yangilab boramiz.

 

Sayyora SHOEVA, O‘zA