O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya tarkibiga 25 yil mobaynida birinchi marotaba jamoatchilik vakillari kiritildi.

Ushbu kommissiya tarkibi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma qarori bilan tasdiqlandi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati ma’lum qildi.

Komissiya inson huquqlari va erkinliklarini buzayotgan organ, tashkilotlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, xarakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyatlarni ko‘rib chiqish, davlat va jamiyat manfaatlarining buzilishiga sabab bo‘lgan holatlar yuzasidan tekshirishlar olib borish va monitoring yuritish, idoraviy xujjatlar, statistik va xulosalar hamda boshqa ma’lumotlarni so‘rash, talab qilib olish, sudlarga davlat bojini to‘lamagan holda fuqarolar manfaatlariga doir ariza va da’volar bilan murojaat qilish to‘g‘risida takliflarni kiritish, inson huquqlari va erkinliklari buzilganligi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida tegishli organlarga iltimosnoma kiritish va boshqa huquqlarga ega.

Shikoyatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Komissiya qarori organ, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun majburiy hisoblanadi. Ijrochi organlar o‘n kun muddatda Vakilga qarorni ko‘rib chiqqanligi xaqida xabar berishi shart.

Komissiya a’zolari Vakil topshirig‘i bilan ma’lumot va ekspert xulosalarini yig‘gani va tahlil qilgani uchun ta’qib qilinishi yoki boshqacha tarzda huquqlari cheklanishi mumkin emas.