Prezidentimizning 2020 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda investitsion muhitni shakllantirish, mahalliy va xorijlik investorlar imkoniyatini yanada kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda.

bugungi kunda mazkur hujjat ijrosi doirasida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining investitsiya dasturi bo‘yicha umumiy qiymati 469 million dollarlik 31 investitsiya loyihasi amaliyotga tatbiq etilmoqda.

2021 yilda 327,6 million dollar o‘zlashtirilishi va undan 215 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar hisobiga moliyalashtirilishini alohida ta’kidlash zarur. Mazkur yirik loyihalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Farg‘ona, Surxondaryo, Jizzax, Samarqand, Buxoro va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Hozirgi kunda “Qizilqumsement” AJda yirik loyihalardan biri hayotga tatbiq etilmoqda. Korxonada qiymati 126 million dollar bo‘lgan klinker ishlab chiqaruvchi yangi 4-liniya ishga tushiriladi. Natijada korxonaning yillik sement ishlab chiqarish quvvati 2,2 million tonnaga ortib, 5,5 million tonnaga yetkaziladi. Ayni chog‘da bu yerda qurilish-montaj ishlari amalga oshirilib, zarur asbob-uskunalar buyurtma asosida xorijda tayyorlanmoqda. Shuningdek, Navoiy viloyatida “PETRAWOOL” MCHJ shaklidagi qo‘shma korxonada bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarish, Tomdi tumanidagi “Mega kvars” MCHJda kvars qumini qazib olish va qayta ishlash kabi loyihalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasidan ma’lum qilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Qoraqalpoqsement” MCHJ QKda qiymati 50 million dollarlik yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilib, yiliga qo‘shimcha 1 million tonna sement ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Natijada korxonaning sement ishlab chiqarish quvvati 1,4 million tonnaga yetkazilib, 100 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi maqsad qilingan.

– Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha 5 loyihaga 50 million dollar investitsiya jalb qilinadi, – dedi “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi matbuot xizmati rahbari Jamshid Shermetov. – Natijada “Knauf Gips Fergana” xorijiy korxonasida gipsokarton listlari, “Azamat savdo Ziyo” va “Ulugbek export trade” jamiyatida mix va burama mixlar, “Flat Tile” jamiyatida keramogranit va metallogranit, “Agro Impex Valley” jamiyatida metall konstruksiyalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ayni paytda Toshkent viloyatida ham ko‘plab investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Jumladan, hududda joriy yilda quvvati 30 ming tonna bo‘lgan kvars qumidan mineral plitalar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega yangi korxona, shu bilan birga, linoleum, avtoklav gazobeton bloklari, olovbardosh g‘ishtlar, burama mixlar, asfalt va temir-beton buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar foydalanishga topshiriladi.

Soha rivojiga qaratilgan investitsiya loyihalari nafaqat hududlarda, balki poytaxtimizda ham amalga oshirilmoqda. Masalan, “Oriyent keramiks” jamiyati tomonidan Sergeli tumanida yiliga 9 million kvadrat metr keramik plitkalar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega yangi korxona barpo etilayotir. Shuningdek, “ALMUS” jamiyatida 6 million dollar investitsiya hisobiga yog‘och qirindi plitalarni laminatsiya qilish, “GRAND ROAD TASHKENT” jamiyati tomonidan esa tabiiy pardozbop toshlarni qayta ishlash orqali yiliga 80 ming kvadrat metr plitalar ishlab chiqarish loyihalarining jadal sur’atlarda olib borilayotgani fikrimiz isbotidir.

Shuni alohida qayd etish kerakki, davlatimiz rahbarining qarori ijrosini ta’minlashga qaratilgan ishlar, xususan, investitsion loyihalar va ularda xorijlik, qolaversa, mahalliy investorlarni jalb qilish qurilish materillari sanoatini jahon talablari darajasiga olib chiqishga katta imkon yaratadi. O‘z navbatida, bunday loyihalar amaliyoti qurilish materiallariga bo‘lgan ichki talabni qondirish barobarida bandlik masalasi ijrosida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA