«O‘zbekiston Janubi-Sharqiy Osiyo «yo‘lbars»laridan biriga aylanib, iqtisodiyotini Janubi-Sharqiy Osiyo «yo‘lbars»lari, keyin esa Xitoyning rivojlanib ketgan yo‘nalishida taraqqiy ettirish istiqboliga ega.

Ushbu o‘sish modeli sanoatni rivojlantirishga asoslangan», deydi Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO) va Milliy tadqiqot universiteti «Oliy iqtisodiyot maktabi» (NIU VSHE) professori, siyosatshunoslik fanlari doktori Andrey Kazansev.

O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida yakunlanayotgan yil nimalar bilan yodda qolarli bo‘ldi, ulardan qanday saboq olish mumkin? O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida kuzatilgan muhim o‘zgarishlar, tendensiyalar hamda ichki va tashqi siyosatning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha 2021 yil borasidagi prognozlar haqida siyosatshunos ekspertlar fikri qanday? Ayni shu savol bilan UzAnalytics sayti siyosatshunos olimlarga murojaat qilgan. Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO) va Milliy tadqiqot universiteti «Oliy iqtisodiyot maktabi» (NIU VSHE) professori, siyosatshunoslik fanlari doktori Andrey Kazansev. Bu haqida quyidagicha mulohaza yuritgan.

– Yakunlanayotgan yilda O‘zbekistonning siyosiy hayotida ro‘y bergan va avval boshlanib, shu yil davom etgan siyosiy jarayonlarga kelsak, men ularni siyosiy voqealar sifatida tavsiflab, bir nechta muhim jihati haqida to‘xtalgan bo‘lardim.

O‘tgan yilning asosiy global voqeasi, shubhasiz, koronavirus inqirozi bo‘ldi. Bundan jahon mamlakatlari qatorida O‘zbekiston ham ziyon ko‘rdi.

Markaziy Osiyoning bir qator davlatlarida, avvalo, qo‘shni Turkmaniston va Tojikistonda muayyan muammolar mavjud edi. Tojikiston inqirozga kechikish bilan choralar ko‘rgan bo‘lsa, Turkmanistonda bu vaziyatga nisbatan sukut saqlash strategiyasi qo‘llandi.

Taxminlarga ko‘ra, hukumatdagilarning goh u, goh bu yo‘nalishdagi tushunarsiz qarorlari inqirozning keskinlashuviga olib kelmoqda. O‘z navbatida, bularning bari aholi orasida vahima hissini yanada kuchaytiradi. Tojikiston hukumati ham dastlab mamlakatda koronavirus yo‘q, deya iddao qilgan edi, ammo keyinroq ular koronavirus epidemiyasi mavjudligini tan olishdi va virusga qarshi kurashni boshlashdi.

HAMMASI O‘Z VAQTIDA BAJARILDI…

O‘zbekistonda hammasi o‘z vaqtida bajarildi: Tojikiston yoki Turkmanistondagidan farqli o‘laroq, barcha zarur choralar ko‘rildi.

Yana bir jihat borki, koronavirus inqirozi O‘zbekistonga qaraganda ancha rivojlangan, jon boshiga YAIM ancha yuqori bo‘lgan mamlakatlar uchun ham katta sinov bo‘ldi. Misol uchun, sobiq Ittifoq hududini oladigan bo‘lsak, Rossiya va Qozog‘iston aholi jon boshiga YAIM bo‘yicha eng yuqori o‘rinlarni egallaydi. Aniqrog‘i, birinchi o‘rinda Rossiya, ikkinchi o‘rinda Qozog‘iston turadi. Shu ma’noda aholi jon boshiga YAIM darajasi ancha past va tabiiyki, aholi jon boshiga tibbiyot sohasi uchun pul sarflash imkoniyatlari kam bo‘lgan O‘zbekistonda vaziyat, albatta, murakkablashdi. Ammo shunga qaramay, hukumat barcha zarur tadbirlarni amalga oshirdi. Bu – birinchi voqea.

Boshqa tomondan olib qaraganda, koronavirus epidemiyasi ichki emas, balki global miqyosdagi xalqaro hodisadir. U global miqyosdagi inqirozni, xususan, global iqtisodiy inqirozni keltirib chiqardi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistondagi vaziyat o‘ziga xos bo‘lib chiqdi, chunki bu yerda koronavirus inqirozi avvalgi yillari boshlangan yana bir jarayon bilan «kesishdi». Ushbu jarayon – Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan iqtisodiy islohotlarning izchil davom etishidir. Menimcha, O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlar tashqaridan yaxshiroq ko‘rinadi va respublika aholisi ushbu islohotlar natijalariga yetarlicha baho bera olmasligi mumkin. Ammo, makrostatistikaga e’tibor qaratsak, bu islohotlar sezilarli iqtisodiy o‘sishga olib kelayotgani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Eng muhimi, Islom Karimov qurmoqchi bo‘lgan import o‘rnini bosuvchi iqtisodiyot eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotga qarab o‘zgarmoqda.

Rostini aytganda, Karimov davrida O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sish aholi turmush darajasining yaxshilanishiga, mamlakatga xorijiy investitsiyalar va valyuta kirib kelishiga, shuningdek, odamlarda pul ko‘payishiga yordam bermadi. Boshqacha qilib aytganda, bu qandaydir faqat o‘sish uchun o‘sish edi, u aholi soni ko‘payishi bilan bog‘liq demografik o‘zgar

ishlar bilan birga yuz berdi va o‘z navbatida, aholi soni ko‘payishi iqtisodiy o‘sishga turtki berib turdi.

Ammo, ayni damda iqtisodiy o‘sishning rasman e’lon qilingan yuqori sur’atlari bilan ham daromadlarni tobora ko‘payib borayotgan aholi o‘rtasida taqsimlashga to‘g‘ri keldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tatbiq etayotgan iqtisodiy o‘sish modeli rivojlanish xarakterining o‘zgarishiga omil bo‘lmoqda. O‘zbekistonda pul, xorijiy investitsiyalar oqimi tufayli valyuta paydo bo‘ldi. Umuman olganda, ushbu model boshqa postsovet davlatlari, masalan, qo‘shni Qozog‘istonda allaqachon sinab ko‘rilgan. Qozog‘iston ushbu modelni o‘nlab yillar davomida tatbiq etib kelmoqda va u anchagina muvaffaqiyatli deyish mumkin.

Ayni paytda O‘zbekiston boshqa sobiq ittifoq mamlakatlariga qaraganda juda katta ustunlikka ega: bu mamlakatda Qozog‘iston, Rossiya, Ozarbayjon va Turkmanistondan farqli o‘laroq, xom ashyo emas, balki ulkan inson resurslari mavjud. Boshqacha aytganda, O‘zbekiston mehnatsevar va ko‘p millionli ishchi kuchiga ega.

O‘zbekistondagi islohotlar aniq bir odam misolida hali ko‘zga yaqqol ko‘rinmasa-da, yaxshigina makroiqtisodiy natijalarni namoyon etmoqda. Demak, O‘zbekiston Janubi-Sharqiy Osiyo «yo‘lbars»laridan biriga aylanib, iqtisodiyotini Janubi-Sharqiy Osiyo «yo‘lbars»lari, keyin esa Xitoyning rivojlanib ketgan yo‘nalishida taraqqiy ettirish istiqboliga ega. Ushbu o‘sish modeli sanoatni rivojlantirishga asoslangan.

Islom Karimov ushbu modelni ro‘yobga chiqara olmadi. Chunki, u sanoatni import o‘rnini bosish bilan birga rivojlantirish tarafdori bo‘ldi. Vaholanki, bu imkonsizdir. Mazkur mavzuda juda ko‘p qiziqarli asarlar ham mavjud.

Masalan, Rossiyada ushbu mavzudagi eng mashhur asar Gaydarning «Iqtisodiy o‘sishning paradokslari» kitobidir. Unda jahonning ko‘plab mamlakatlari, xususan, Lotin Amerikasida ushbu modelning inqirozga yuz tutishi sabablari tasvirlab berilgan.

Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan eksportga yo‘naltirilayotgan model reallikka ancha yaqin va Janubi-Sharqiy Osiyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lgani kabi ijobiy natijalarga olib kelishi mumkin. Bu, mening fikrimcha, ikkinchi muhim voqea.

Uchinchi voqea – davom etayotgan afg‘on inqirozi va qo‘shni Afg‘onistonda mavhumlik kuchayishidir. Bu butun Markaziy Osiyo mintaqasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, shubhasiz. Chunki Afg‘onistonda nima bo‘lishi, amerikaliklar u yerdan qo‘shinlarini olib chiqadimi-yo‘qmi, hali noma’lum.

Tramp ma’muriyati Tolibon bilan muzokaralar olib borish va qo‘shinlarni olib chiqib ketish borasida aniq to‘xtamga kelgan edi. AQSHning yangi ma’muriyati qaysi yo‘lni tanlashi va Afg‘onistonda endi nima bo‘lishi hamon noaniqligicha qolmoqda. Bu mintaqa mamlakatlari uchun yangi tahdidlarni keltirib chiqarishi mumkin va bu unchalik yaxshi emas. Chunki Karimov davrida ro‘y bergan O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qisqartirish tashqaridan kelayotgan xavfsizlikka tahdidlarning ortishi bilan bog‘liq bo‘lib, Shavkat Mirziyoyev buni juda yaxshi tushunardi. Uning birinchi qilgan ishi ham qo‘shnilar va barcha yirik davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash bo‘ldi. Shu bois, O‘zbekiston Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlari olib chiqilgan taqdirda ham albatta, qandaydir shaklda Afg‘oniston bilan mintaqaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga harakat qilmoqda, – bu men muhim deb atamoqchi bo‘lgan uchinchi voqea.

Yana bir, Rossiya uchun ham muhim sanalgan to‘rtinchi voqeani esga olish mumkin. Bu Rossiya bilan o‘zaro savdo-sotiq va siyosiy aloqalarning rivoji bo‘lib, xususan, O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchiga aylanganligida ham namoyon bo‘ladi. Bunga qadar ham savdo aylanmasi bir necha yildan beri o‘sib borayotgandi.

YANA BIR MUHIM HODISAGA TO‘XTALSAK…  

Buni men ham O‘zbekiston uchun, ham Rossiya uchun muhim degan bo‘lardim. Pandemiya inqirozi Rossiyadagi muhojirlar holati keskin o‘zgarishiga olib keldi. Ma’lumki, O‘zbekiston Rossiyaga eng ko‘p mehnat muhojirini yuboradigan Markaziy Osiyo mamlakati hisoblanadi. Rossiyada 2020 yili mehnat muhojirlari soni ikki baravar kamaydi. Bundan tashqari, bularning bari katta muammolar bilan birga yuz berdi. Chunki, aeroportlar mamlakatdan chiqib keta olmayotgan odamlar bilan to‘la edi. O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolariga yordam berishga harakat qildi. Shu o‘rinda bir holatga e’tibor berish kerakki, Markaziy Osiyoning ba’zi davlatl

ari migrant fuqarolarini deyarli tashlab qo‘ydi. Ammo Toshkent bunday yo‘l tutmadi. Rossiyada qolgan muhojirlarning faqat oltidan bir qismigina Rossiya qonunchiligida ko‘zda tutilgan huquqiy maqomga ega ekanligi ham muhim ahamiyatga ega. Bu shuni anglatadiki, qolgan migrantlar Rossiya migratsiya qonunchiligidagi chalkashliklar qurboniga aylandi.

Toshkent har doim migratsiyani o‘z kuchi bilan tartibga solishga harakat qilgan. Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari barini o‘z oqimiga, Rossiya hukumatining izmiga tashlab qo‘ygan. Umuman olganda, bu jiddiy muammo – zamirida inson taqdiri yotibdi.