Amerikaning San-Diyego shahri hayvonat bog‘ida dunyoda ilk bor gorillaning koronavirusga chalingani qayd etildi.
“San-Diyego safari-parkida gorillalar guruhi a’zolaridan COVID-19ga qarshi test olindi va natija musbat chiqdi. 6 yanvar kuni ikkita gorilla yo‘tala boshlagan. 11 yanvarda AQSH qishloq xo‘jaligi vazirligi milliy veterinariya xizmati laboratoriyasi tahlili virusni tasdiqladi”, – deyiladi bog‘ saytida berilgan xabarda.
Taxmin qilinishicha, hayvonlar koronavirusni kasalligi belgisiz kechayotgan park xizmatchisidan yuqtirib olgan bo‘lishi mumkin.
Bundan avval koronavirus norkalar orasida ham keng tarqalgani haqida ma’lumot tarqalgandi. O‘tgan yili Barselona hayvonot bog‘ida arslonlar koronavirus bilan kasallangani, AQSHda esa qor qoploni virus yuqtirgani ham ma’lum qilingan edi.
JSST ekspertlari it va mushuklar koronavirusga chalinishi mumkinligi, lekin bunday hodisa juda kamligini tasdiqlagandi.