Bundan bir oy oldin Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamoat birlashmasi tomonidan “Nasafiy” taxallusi bilan ijod qilayotgan qo‘shiqchi Aziziddin Akmalov O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev ijrosidagi “Qora ko‘zli sanamjon” nomli qo‘shig‘ini va she’rini muallifning roziligisiz asar yaxlitligini buzgan holda ijro etib, uni internet tarmoqlariga joylashtirgan holda moddiy manfaat ko‘rib kelgani haqida Intellektual mulk agentligiga murojaat kelib tushgan.

Shunga ko‘ra, agentlik mazkur holat yuzasidan Ma’muriy sudga bayonnoma kiritdi.

Intellektual mulk agentligi matbuot kotibi Feruz Jo‘rayevning xabar berishicha, sud Nasafiyni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177(1)-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topib, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari ya’ni 669 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlagan.

Shu o‘rinda ko‘pchilikda qo‘shiqchini jarimaga tortishning nima keragi bor, hamma bir-birini qo‘shig‘ini aytyapti-ku, degan e’tirozlar paydo bo‘lishi mumkin. Ammo, mualliflik huquqi har qanday ruxsatsiz foydalanishdan qonun bilan himoyalangan. Tasavvur qiling, shaxsiy avtomashinangizni o‘zga bir shaxs sizning ruxsatingizsiz foydalansa va undan moddiy foyda olsa, unga jimgina qarab turmaysiz. Egalik huquqingizni talab qilasiz. Qo‘shiq ham huddi shunday muallifning shaxsiy mulki hisoblanadi. Kimdir undan foydalansa, albatta mulk shartnoma tuzish orqali ruxsat olishi kerak bo‘ladi.

Agar sizning ham mualliflik huquqlaringiz buzilayotgan bo‘lsa, Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyatiga a’zo bo‘lishingiz yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri Intellektual mulk agentligining 71 2325054 hamda telegram ijtimoiy tarmog‘idagi ima_monitoring_bot orqali murojaat qilishingiz mumkin.

Gulnoza BOBOEVA, O‘zA