Qirg‘iziston Respublikasi prezidentligi uchun bo‘lib o‘tayotgan saylovning birinchi bosqichida dastlabki natijalar e’lon qilindi.

Ovozlarni avtomatik ravishda sanash tizimi hisob-kitoblariga qaraganda, Sadir Japarov 79.25 foiz ko‘rsatkich bilan oldinda bomoqda.

18 nafar nomzod orasida bu natija katta ustunlik taqdim etishi ma’lum. Zero, 2-o‘rinda borayotgan Adaxan Madumarov 6.69 va 3-o‘rinda turgan Bobirjon Tolbayev 2.32 foiz ovoz to‘plagani e’tiborga olinsa, Japarovning ustunligi qay darajada ekanligini tasavvur qilish mumkin. Nomzodlardan Miqtibek Arstanbek, Imomidin Toshov va Abdil Segizbayev ham 1 foizdan ko‘p ovoz to‘plagan. Qolgan 12 nafar da’vogar esa 1 foizdan kam saylovchilar ishonchiga sazovor bo‘lishgan.

Qayd etish joiz, qonunga ko‘ra, Prezident saylovida g‘olib chiqish uchun nomzodni jami ovoz bergan saylovchilarning 50 foizdan ko‘prog‘i tanlashi lozim.

Dastlabki tahlillarga qaraganda, saylovlarda hozirgacha 1 million 339 ming 638 kishi ishtirok etdi. Bu ro‘yxatdan o‘tgan saylovchilarning 37,59 foizini tashkil etadi.

Ayni paytgacha 2 4742 ovozlarni avtomatik ravishda sanaydigan tizimdan 2 333 tasi, ya’ni mavjud shunday qurilmalarning 94,30 foizidagi byulletenlar tekshirib chiqilgan.

O‘zA