O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Adam Boler boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Delegatsiya tarkibidan AQSH Xalqaro Taraqqiyot Agentligi administratori yordamchisi vazifasini bajaruvchi Xaver Pedra, Davlat departamentining global ayollar muammolari bo‘yicha idorasi rahbari, alohida topshiriqlar bo‘yicha elchi Kelli Kyurri ham o‘rin olgan.

Uchrashuv chog‘ida ko‘p qirrali O‘zbekiston – AQSH munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy integratsiyani mustahkamlashda hamkorlik qilish, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlarning “Strategik sheriklik muloqotini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida”gi qarori mamnuniyat bilan qayd etilib, bu O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida barcha yo‘nalishlardagi uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga zamin yaratishi ta’kidlandi.

Iqtisodiy taraqqiyot, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish kabi ustuvor yo‘nalishlarda birgalikda ishlashga tayyorlik bildirildi.

Amerika tomoni O‘zbekistonning gender tenglik ta’minlash, mamlakat siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida xotin-qizlar roli va mavqeini mustahkamlash yo‘lida erishgan yutuqlarini yuqori baholadi.

Iqtisodiy aloqalar va savdoni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan mintaqalararo investitsiya va infratuzilma loyihalarini barpo etishning amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda ikki tomon kun tartibining boshqa masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Muzokaralarda AQSHning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum ishtirok etdi.

O‘zA