Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri hududida ochiq osmon ostidagi muz maydonining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur betakror loyiha Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi, Madaniyat vazirligi va uning huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda “Art Uz Promotion Agency”, shuningdek, “Saxovat”, “Weber” savdo belgilari hamkorligida o‘tkazilmoqda.

Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi orasida sog‘lom turmush tarzi hamda sportni keng targ‘ib qilishdan iboratdir.

Og‘ir pandemiya sharoitiga qaramay aholining ko‘ngilli dam olishi, kayfiyatini ko‘tarish borasida ko‘plab ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonda belgalangan karantin qoida va talablariga qat’iy amal etish, masofa saqlash, ochiq osmon ostidagi tadbirlarni o‘tkazishga jiddiy ahamiyat qaratilmoqda.

Qisqa fursatda qurib bitkazilgan mazkur muz maydonchasi harorat +15 darajagacha bo‘lgan sharoitda ham ishlashi mumkin. Ilg‘or texnologiyalar asosida bunyod etilgan muz maydoni maxsus sovutish-muzlatish texnologiyalariga asoslangani bilan ahamiyatlidir.

Endi bu yerda bir oy davomida bolalaru kattalar miriqib konki uchishi, turli qiziqarli musiqiy festivallar, ijodiy tanlovlar, shou-dasturlardan bahramand bo‘lishi mumkin.

…Sovuq yaxshigina hukmini o‘tkazishiga qaramay Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatriga tutash maydon odamlar bilan gavjum. Musiqaning jo‘shqin savdolari avjida. Go‘yoki sovuq zabti odamlarning ishtiyoqi, zavqi, shahd-shiddati oldida yengilgandek.

Tadbirning ochilishida so‘zga chiqqan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bunday muz maydoni poytaxt tarixida ilk marta tashkil etilganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning tabrigi o‘qib eshittirildi. Unda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda xalqimizning maroqli hordiq chiqarishi, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish borasida ko‘plab amaliy loyihalar hayotga keng joriy etilmoqda.

Tadbirda ajoyib musiqiy dastur bilan birga rossiyalik figurali uchish ustasi Aleksey Yagudin ishtirokidagi dastur tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi. A.Yagudin to‘rt karra jahon, uch karra Yevropa chempionati, ikki karra figurali uchish bo‘yicha xalqaro musobaqa finali Gran-prisining sovrindoridir. Uning ijrosidagi “Qish” nomli badiiy dastur tomoshabinlarga manzur bo‘ldi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda sportning ushbu turi ham rivojlanish bosqichiga kirmoqda. Figurali uchish bo‘yicha yosh sportchilarning badiiy chiqishlarida bu yana bir karra o‘zining yorqin ifodasini topdi.

Shahar markazidagi muz maydoni bir oy muddatga o‘rnatiladi. Bu vaqt mobaynida ochiq osmon ostidagi muz maydonida qator madaniy-ko‘ngilochar va sport tadbirlari o‘tkaziladi. Xususan, “Dance Music Fest Winter”, “Iosis Fest”, “Tashkent Rap Festival” musiqiy festivallari, shuningdek, xokkey bo‘yicha o‘smirlar chempionati, muz ustida raqs shousi kabi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga tashkilotchilar tomonidan fudkort zona xizmati yo‘lga qo‘yilib, unda poytaxtimizning tez ovqatlanish, qandolatchilik va qahva brendlari faoliyat yuritadi. Maydon oldida chang‘i va boshqa uchish aksessuarlari ijarasi punkti xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Ochiq osmon ostidagi muz maydonining ochilishi chinakam sport, salomatlik bayramiga aylandi.

Nazokat USMONOVA, O‘zA