O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni umumxalq bayrami arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida 30 xonadondan iborat bo‘lgan ko‘p qavatli turar-joy binosi foydalanishga topshirildi.

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati O‘zA muxbiriga ma’lum qildi.

Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti asosida qurilgan yangi uyni foydalanishga topshirish marosimida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi, Nukus garnizoni harbiy prokuraturasi rahbariyati, harbiy xizmatchilar oilalari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni Farhodjon Shermatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari Yernazar Atashov va boshqalarning ta’kidlaganidek davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda o‘z hayotini Vatanni himoya qilishdek eng ulug‘ va olijanob ishga bag‘ishlagan harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshrilmokda.

Jumladan oxirgi yillarda harbiy sohaga bo‘layotgan e’tibor tufayli harbiy qism va muassasalar, dala-o‘quv maydonlari infratuzilmasi takomillashtirilmoqda, Yurt himoyasidek mas’uliyatli kasb egalari va ularning oila a’zolariga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni uy-joy bilan ta’minlash, harbiy pensionerlarning ijtimoiy muhofazasiga aloxida e’tibor qaratilmoqda.

O‘tgan yilning dekabr oyida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Harbiy-ma’muriy sektori bilan hamkorlikda “Nukus” poligoni infratuzilmasi takomillashtirilib, foydalanishga topshirildi. Birgina Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda oxirgi 3 yilda 400 nafarga yaqin harbiy xizmatchi uchun imtiyozli ipoteka krediti asosida 8 ta uy qurildi. Nukus garnizonidagi “Vatanparvar” mahallasida bunyod etilgan 30 xonadondan iborat 5 qavatli 2 va 3 xonadan iborat bo‘lgan shinam, barcha qulayliklarga ega yangi uy Vatan himoyachilariga o‘zgacha bayram tuhfasi bo‘ldi.

Tadbir davomida yangi xonadon egalariga kalitlar tantanali tarzda topshirildi.

 

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA