BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda Orolbo‘yi hududida eng faol salomatlik ko‘ngillilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Ko‘ngillilar tufayli biz hammasini uddalaymiz!» shiori ostida tadbirlar tashkil etildi.

–Hududda salomatlik ko‘ngillilarini tayyorlash BMTning Taraqqiyot Dasturi faoliyati doirasida 2012 yilda boshlangan edi, – deydi qo‘shma dastur salomatlik bo‘yicha mutaxassisi Gulnora Japaqova. – BMTning ko‘ngillilar dasturi (BMTKD) ko‘magida bugungi kunga qadar 3710 nafar ko‘ngilli o‘qitilgan bo‘lsa, shundan 2017-2019 yillar mobaynida amalga oshirilgan BMTning «Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik fondini tashkil qilish orqali Orol fojiasidan zarar ko‘rgan aholining turmush sharoiti salohiyatini mustahkamlash» qo‘shma dasturi doirasida 2081 nafar ko‘ngilli tayyorlandi. Natijada ular 386906 nafar aholining tibbiy madaniyatini oshirishga yordam berdi.

Bunda asosiy faoliyat yo‘nalishi – aholiga o‘pka, oshqozon-ichak, yurak-qon tomir kasalliklarining profilaktikasi choralarini hamda onalar va bolalar sog‘lig‘ini mustahkamlashni targ‘ib qilishdan iborat. 2020 yil davomida esa asosiy mavzu – koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish bo‘ldi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVID-19 ga strategik tayyorgarlik va qarshi tura olish bo‘yicha Rejada ko‘ngillilarning roli “muhim qismi” deb baholandi. Chunki ular o‘zlarining salomatligini xatarga qo‘yib, tajriba almashishni, hamqishloqlari salomatligi va ahvollarini kuzatish hamda baholashni davom ettirmoqdalar.

–Darhaqiqat, bugungi sinovli kunlarda aholining koronavirus va boshqa kasalliklardan omon qolishida ko‘ngillilar yordami beqiyosdir, – deb Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi salomatlik ko‘ngillilarining mehnatiga yuksak baho berdi BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigida. –Ular pandemiya davrida ehtiyot choralarini ko‘rish va nafas olish yo‘llari gigiyenasi haqida maxsus telegramm-kanal orqali doimiy ravishda onlayn maslahatlar berib turishdi.

O‘tgan yili BMT Taraqqiyot Dasturi,  Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi,  BMTKD Yevropa va MDH bo‘yicha mintaqaviy ofisi ko‘magida 6 nominatsiya bo‘yicha eng faol ko‘ngilli tanlab olinib, munosib rag‘batlantirildi.  G‘oliblar o‘pka, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak kasalliklari, ona va bola salomatligini mustahkamlash, COVID-19 profilaktikasi bo‘yicha o‘tkazgan axborot sessiyalarining soniga qarab, o‘z-o‘zini yakkalash davrida ko‘ngilli tarzda aholiga ko‘mak bergan tibbiyot xodimlari orasidan aniqlandi.  Xavfsizlik choralariga va karantin qoidalariga rioya qilgan holda o‘tgan yilning dekabr oyida Taxtako‘pir, Bo‘zatov, Chimboy, Kegayli, Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l, Shumanay, Xo‘jayli va Nukus tumanlarida g‘olib bo‘lgan volontyorlarga uyali telefon, planshet va patronaj sumkalari tantanali ravishda topshirildi.

Qoraqalpog‘istonlik ko‘ngillilar qozog‘istonlik hamkasblari bilan onlayn tarzda maxsus videokonferensiyada ishtirok etdi. Tadbir doirasida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida o‘zaro tajriba almashindi.

Bundan tashqari, BMT Taraqqiyot Dasturi YUNFPA bilan hamkorlikda, Yaponiya hukumatining moliyaviy ko‘magida Orolbo‘yi hududida mahalliy aholini ekologik, iqtisodiy qiyinchiliklar davrida barqarorlik salohiyatini mustahkamlash borasida faoliyat olib bormoqda. Bunda asosiy e’tibor chekka qishloq aholisi o‘rtasida onalik, bolalik va reproduktiv salomatlikni muhofaza qilishda mahalliy sog‘liqni saqlash tizimining texnik va institutsional salohiyatini mustahkamlash orqali tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga qaratilmoqda. Dasturni amalga oshirish doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga «Coca-Cola» jamg‘armasi mablag‘i hisobidan 4 dona IVL apparati, 165 dona kislorod konsentratori, Yaponiya hukumatining moliyaviy ko‘magida 6 dona IVL apparati COVID-19 kasalligiga chalingan bemorlarni davolash uchun topshirildi.

Bundan tashqari, hududga koronavirus profilaktikasi bo‘yicha o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida 115000 dona axborot nashri, posterlar, 20 ming dona tibbiy niqob taqdim etildi. Shuningdek, tibbiyot xodimlari va ko‘ngillilar himoya kombinezonlari, maxsus ko‘zoynaklar, antiseptiklar, masofaviy harorat o‘lchagichlar va pulsoksimetr kabi tibbiy anjomlar va maxsus uskunalar bilan ta’minlandi.

 

Dovud ABIBULLAEV,  O‘zA