Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 30 noyabr kuni hududlarda jamoat transportini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Jamoat transporti – odamlarning uzog‘ini yaqin qiladigan, aholi kayfiyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadigan vosita. O‘tgan 10 oyda Xalq qabulxonalariga ushbu masalada 3 mingdan ziyod murojaat bo‘lgani ham sohada kamchiliklar ko‘pligini ko‘rsatadi.
23 noyabr kuni Toshkent shahrida jamoat transportini boshqarish va infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi ko‘rib chiqilgan edi. O‘shanda davlatimiz rahbari bu yangi tizimni boshqa shaharlarda ham yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi. Transport vazirligi va hokimliklar tomonidan shu boradagi imkoniyatlar o‘rganilib, takliflar tayyorlandi.
bugungi yig‘ilishda ushbu takliflar har bir hududdagi bittadan tuman va shahar misolida muhokama qilindi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimiz bo‘yicha kuniga qariyb 20 million yo‘lovchidan bor-yo‘g‘i 4,4 millioni yoki 22 foizi jamoat transportidan foydalanmoqda. Bu ko‘rsatkich Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Xorazm, Samarqand, Farg‘ona, Buxoro va Toshkent viloyatlarida bundan ham past. 1 ming 200 ta qishloq tuman markazigacha bo‘lgan yo‘nalishda jamoat transporti bilan qamrab olinmagan.
Prezidentimiz qishloqdan tuman markazigacha hamda u yerdan viloyat markazigacha bo‘lgan transport xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va ularning sifatini oshirish zarurligini ta’kidladi.
– Odamlar uchun shahar, tuman va qishloqlar orasida transportni qulay, xavfsiz va oson qilish kerak. Bu xizmatlardan xalq rozi bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Masalan, buning uchun yo‘lovchi tashish xarajatlarining bir qismini bosib o‘tilgan masofa va yo‘lovchi sonidan kelib chiqib subsidiyalash mumkin. Shu bois Moliya vazirligi va Transport vazirligiga tumanlar ichida yo‘lovchi tashuvchi korxonalar xarajatlarining bir qismini qoplash tartibini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Kelgusi yildan boshlab har bir hududdagi bittadan tumanda ushbu yangi tizim tajribadan o‘tkazilib, joriy etiladi.
Tumanlardan viloyat markazlariga qatnovchi avtobuslar eskirgani, ayrimlari xizmat muddatidan ortiq foydalanilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Avtobuslar bilan ta’minlanganlik darajasi har 100 ming aholiga 24 tani tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Surxondaryo, Qashqadaryo, Namangan va Andijonda 15 taga ham yetmaydi. Transport parkini yangilash uchun kelgusi yilda qo‘shimcha 800 ta avtobusga ehtiyoj mavjud.
Yurtimizda ishlab chiqarilayotgan avtobuslarning narxi xorijnikiga nisbatan yuqori ekani, shu bois mahalliylashtirish darajasini oshirib, avtobus va mikroavtobuslar narxini tushirish muhimligi ta’kidlandi.
Yo‘lovchi tashuvchi korxonalar avtobus xarid qilish uchun oladigan kreditlar foizining Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori qismini qoplash va ularga kafillik berish tartibini joriy qilish topshirig‘i berildi.
Samarqand yurtimizdagi eng katta shaharlardan biri, unga sayyohlar ham ko‘p keladi. Shu bois Prezidentimiz bu yerda jamoat transporti yo‘nalishlarini optimallashtirish zaruratiga alohida e’tibor qaratgan edi.
Viloyat hokimligi va mutasaddi vazirliklarga Samarqand shahrida qulay transport tizimini yaratish bo‘yicha Bosh reja loyihasini ishlab chiqish topshirildi. Unda yirik chorrahalarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, alohida yo‘lakli avtobuslar harakatini tashkil etish, ko‘p o‘rinli avtobuslar qo‘yish va intervallarini qisqartirish choralari belgilanadi. Shuningdek, mamlakatimizdagi 30 ta shahar bo‘yicha shunday bosh rejalar ishlab chiqiladi.
Transport universiteti faoliyatini sohadagi islohotlar bilan uzviy bog‘lash, professor-o‘qituvchi va talabalarni bu jarayonga keng jalb etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
– Transport-logistika masalalariga ko‘p yillar ilm bilan yondashilmadi. Zamonaviy kadrlarning yetishmasligi bu sohadagi eng og‘riqli muammo, – dedi Prezident.
Aholi talabidan kelib chiqib, yangi yo‘nalishlar ochish, mavjudlarini qayta ko‘rib chiqish, avtobus bekatlarini rekonstrutsiya qilish, bunga xususiy sektorni jalb qilish zarurligi ta’kidlandi. Bu boradagi chora-tadbirlar ijrosi joylarga chiqqan holda o‘rganib borilishi, xalq deputatlari kengashlarida har uch oyda transport tizimi rahbarlarining hisobotlari eshitilib, aniq vazifalar qo‘yilishi belgilandi. Sohaga oid qonunlarning bugungi kun talabiga javob bermaydiganlarini takomillashtirish zarurligi qayd etildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazirlar, hokimlar va boshqa mutasaddilar axborot berdi.