«Yosh kitobxonlar» ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi

“Biz Vatanga tayanchmiz!” shiori ostidagi talaba-yoshlar haftaligi doirasida «Yosh kitobxonlar» ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan O‘zbekiston yoshlar itifoqi, Matbuot va axborot agentligi, Yozuvchilar uyushmasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining yetmishdan ziyod talabasi qatnashdi.

Mamlakatimizda kitobning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini targ‘ib qilish orqali yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, mustaqil va erkin fikrga ega iste’dod sohiblarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

9.JPG

Prezidentimizning 2017- yil 12 -yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu boradagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.

Kitob insonga ma’naviy ozuqa berish bilan birga, uning ongi, idroki, tafakkurini rivojlantiradi. Shu bois yoshlar faolligini oshirish maqsadida mamlakatimizda kitobxonlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan qator tadbirlar, anjumanlar, ko‘rik-tanlovlar tashkil qilinayotir. Natijada yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasiga qiziqish tobora ortmoqda. Buni «Yosh kitobxonlar» tanlovining quyi bosqichlarida o‘n mingdan ortiq talaba ishtirok etganidan ham bilsa bo‘ladi.

Tanlov g‘oliblari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

Shahnoza Mamaturopova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA