O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisida senatorlar O‘zbekiston Respublikasining 2018-yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi masalani muhokama qildi.

Ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, moliya vaziri J.Qo‘chqorov ma’ruza qildi.

Qayd etilganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mahalliy byudjetlar mustaqilligini oshirish va daromad bazasini mustahkamlash, qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash, shuningdek, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha mablag‘larni jalb etish bo‘yicha olib borilayotgan siyosat samarasida 2017-yilgi Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz profitsit bilan ijro etilishi kutilmoqda.

2018-yilga mo‘ljallangan soliq-byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarida soliq yukini yanada qisqartirish va soliq hamda majburiy to‘lovlar miqdorini kamaytirish nazarda tutilgan. Mamlakatimizning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, aholi turmush farovonligini yanada yuksaltirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, foyda solig‘i hamda obodonlashtirish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soliqlarini birlashtirish orqali umumiy bazaviy stavkani 15,5 foizdan 14,5 foizgacha kamaytirish, shuningdek, Pensiya jamg‘armasi, Respublika yo‘l jamg‘armasi, Ta’lim va va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga ajratmalarni yagona to‘lovga – davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarga birlashtirish orqali umumiy stavkani 3,5 foizdan 3,2 foizgacha kamaytirish ko‘zda tutilgan. Bu, o‘z navbatida, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tasarrufida 410 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ qoldirish imkonini beradi.

Ta’kidlanganidek, jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliq yuki darajasini fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan hisob raqamlariga ajratmalar miqdorini 1 foizdan 2 foizgacha oshirish hisobiga kamaytirish ko‘zda tutilmoqda. Bu fuqarolar jamg‘armalarini 450 milliard so‘mdan ko‘proqqa oshiradi.

Respublika byudjeti va mahalliy byudjetlar o‘rtasidagi munosabatlarning yangi mexnazmi joriy etilmoqda. Bu mexanizm mahalliy byudjetlar daromad bazasini yanada mustahkamlash, ularning daromadlari bo‘yicha vakolatlari, prognozdan ortiq tushumlardan olingan daromadlardan foydalanishda mustaqilligini oshiradi.

2018-yil ijtimoiy va aholini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan xarajatlar ustuvorliklari saqlab qolinmoqda. Xususan, ijtimoiy sohani moliyalashtirishga 34,7 trillion so‘m miqdorida mablag‘ yo‘naltiriladi.

Davlat byudjetining sog‘liqni saqlash sohasiga xarajatlari 9,6 trillion so‘mni tashkil etadi. Bu joriy yil ko‘rsatkichlariga nisbatan 31 foiz ko‘p demakdir.

Davlat byudjet muassasalarini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash uchun byudjet xarajatlari 2018-yil 2,5 barobarga ko‘paytiriladi.

Davlat dasturlarini amalga oshirishga 8,5 trillion so‘m yo‘naltirish taklif etilmoqda. Jumladan, 2017-2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish dasturi doirasida 815 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan. Bu 2017 yildagiga nisbatan qariyb 3 barobar ko‘pdir. Shundan 193 milliard so‘m xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan.

48 ta oliy ta’lim muassasasining moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga 559,1 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hududlarga takliflari chog‘ida berilgan topshiriqlar va Davlat dasturida nazarda tutilgan vazifalarga asosan 296 tibbiyot muassasasini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlariga 753,6 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Senatorlar ushbu masalani atroflicha muhokama qildi va ma’qulladi.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA