3-noyabr — AQSHda prezidentlik uchun ovoz beriladi. Respublikachi Donald Tramp qayta saylanishiga ishonadi. 
Uning kimligi va shu kungacha davlatni qanday boshqarib kelayotgani qizgʻin muhokamada. Ommaviy soʻrovlarda respondentlarning aksariyati demokrat nomzodga ovoz bermoqchi ekanini aytmoqda.
74 yoshdagi Tramp tarafdorlar nazarida, siyosiy maydonni butkul oʻzgartira oldi, chegaralarni mahkamladi va Amerika orzusini yangiladi.
“Prezidentlik uchun kurashayotganlar hozirgidek mutlaq boshqacha odamlar boʻlmagan. Men qonun va tartib tarafdoriman. Raqibim buni xohlamaydi. Amerikaga faqat qonunan kirishni yoʻlga qoʻyyapman”, deydi Tramp.
Demokratlar nazarida esa Tramp prezidentlikka umuman loyiq emas.
“Shu darajada loyiq emaski, xavfli. Na mamlakatimizni boshqara olayapti, na dunyoda yetakchilik qila olayapti”, deydi demokrat nomzod Jo Bayden.
Tramp butun umr tadbirkorlik qilib kelayotgan odam. Teleyulduz. 2015-yilda Oq uy uchun harakat boshlaganida koʻpchilik yutqazadi, deb oʻylagan edi. Biroq u saylovda demokrat Hillari Klintondan ustun keldi. Millionlab amerikaliklarning koʻngliga yoʻl topa oldi.
“Trampning tarafdorlari ishchilar. Oliy maʼlumotlilar emas. Mehnatkashlar qatlami unga ergashdi va sodiq”, deydi siyosatshunos Larri Sabato.
Tramp 2016-yilda prezidentlikka saylanish uchun noqonuniy usullarni ishga soldi degan ayblov bilan impichment jarayonini boshdan kechirdi. Kongress keng qamrovli tekshiruv olib bordi. Vakillar palatasi uni impich qildi. Biroq Senat Tramp qonunni buzmagan deya xulosa qildi. Tramp uchun ulkan gʻalaba boʻldi. Keyin esa pandemiya keldi.
Koronavirusga boshida jiddiy qaramagan prezident uning qanchalik xavfli ekanini tan ola boshladi.
Kasallar va oʻlim hollari koʻpayar ekan, Trampning reytingi tushgandan-tushdi.
Pandemiya vaziyatni qiyinlashtirgani yetmagandek, irqchilikka qarshi namoyishlar ham avj oldi. Iqtisodiy va ijtimoiy adolatsizlikdan nolib, minglab amerikaliklar mamlakat boʻylab koʻchaga chiqdi. Tramp harbiylarni safarbar etdi.
“Koronavirus eski yaralarni yopa olmadi, aksincha, jamiyatimizni harakatga undadi”, deydi siyosiy tahlilchi Sherri Bebich Jeff.
Bayden saylovoldi reytinglarida oldinda, lekin Tramp tarafdorlari undan uzoqlashmayapti.
“Umuman olganda, respublikachilar nima xohlagan boʻlsa, shunga erishishdi. Soliqlar kamaydi. Oliy sudga konservatorlar tayinlandi. Immigratsiya cheklandi”, deya tahlil qiladi ekspert Barbara Perri.
Pandemiya AQSH iqtisodiyotiga ulkan zarar keltirdi. Yordamga qaramay, butun tizim misli koʻrilmagan darajada sustlashdi.
Navbahor IMOMOVA, jurnalist – “Amerika ovozi”

 

O’zA