Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasida hukumatlararo Konvensiyaga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi Bayonnoma kuchga kirdi

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida 1998-yil 11-fevraldagi ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish hamda daromad va sarmoya soliqlarini toʻlashdan bosh tortishni bartaraf qilish toʻgʻrisidagi hukumatlararo Konvensiyaga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi Bayonnoma kuchga kirdi. Bu haqda mamlakatimiz Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati maʼlum qilgan.

Tomonlar qoidaga muvofiq, hujjatning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarni bajardilar.

Mazkur Bayonnoma Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning Oʻzbekistonga davlat tashrifi davomida 2019-yil 19-aprel kuni Toshkent shahrida imzolangan.

Hujjat soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlashning oldini olish uchun soliq sohasida maʼlumot almashinuvi boʻyicha samarali mexanizmlarni kengaytirishni nazarda tutadi.

Ushbu xalqaro shartnoma soliq sohasidagi huquqbuzarlikka qarshi kurashda oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi va ikki mamlakat soliq qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlaydi.

Hujjatning toʻliq matni bilan www.lex.uz saytida tanishish mumkin.

 

OʻzA