Qirgʻizistonda iqtisodiy amnistiya eʼlon qilindi

Qirgʻiziston prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakat bosh vaziri Sadir Japarov rasmiy bayonot bilan chiqdi.

Hukumat matbuot xizmatining xabar berishicha, Japarov mamlakatdagi korrupsiyaga aloqador shaxslarga noqonuniy yoʻl bilan topilgan daromadlarini davlat xazinasiga topshirish uchun 30 kun muhlat bergan.

«Ayni paytda davlat hokimiyatining barcha boʻgʻinlari oldida juda katta vazifa turibdi. Qirgʻiziston Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi va bosh vazir sifatida menga xalqimiz nomidan katta masʼuliyat yuklatilgan. Oʻzimga berilgan vakolatdan kelib chiqib, iqtisodiy amnistitsiya eʼlon qilaman. Amnistiyadan koʻzlangan maqsad davlat byudjetini toʻldirish, qoʻshimcha resurslarni qidirib topish.

Soʻnggi 30 yil davomida energetika, bojxona va soliq xizmati, dori-darmon taʼminoti, litsenziya berish, konlardan foydalanish va boshqa sohalarda tizimli korrupsiya avj oldi. Shu munosabat bilan jinoiy sxemalar tashkil etgan, oddiy xalq hisobidan boylik orttirgan, turli kompaniyalar ulushiga egalik qilib olgan sobiq davlat xizmatchilari, reyderlik yoʻli bilan yirik korxonalar aksiyalarini egallab olgan mansabdor shaxslar, soliqdan boʻyin tovlayotgan tadbirkorlar, amaldagi qonunchilik buzilishiga yoki noqonuniy xatti-harakatlarni qonuniylashtirishga aloqador rahbarlar, vazirlik va muassasalar rahbarlari, bojxonachilar va moliyachilarga 30 kun vaqt beraman! Qancha mablagʻ oʻzlashtirgan boʻlsangiz, hammasini davlat xazinasiga qaytarishingizni talab qilaman!” – degan Japarov.

Xabarda aytilishicha, kimki ushbu imkoniyatdan foydalanmasa va iqtisodiy amnistiyani inkor etsa, qonunga muvofiq eng qattiq chora koʻriladi.

Japarovning taʼkidlashicha, iqtisodiy amnistiya faqat bir marta beriladi. Shu sababli yaxshilab oʻylang va ushbu imkoniyatdan foydalanib qoling. Noqonuniy boylik orttirganlar mulklarini qonuniylashtirishi va soligʻini toʻlashi lozim.

“Koʻrsatilgan mulk va daromadlaringiz daxlsizligini taʼminlashga kafolat beraman. Oʻz ixtiyoringiz bilan mulk va daromadlaringizni oshkor etsangiz barchasi sir tutiladi. Bu mamlakat taqdirini menga ishonib topshirgan xalqimizning talabi”, – deya Japarov soʻzlarini iqtibos keltiradi hukumat sayti.

 

OʻzA