Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti bilan uchrashuv toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining Kobul shahriga tashrifi chogʻida mamlakatimiz Bosh vaziri oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gʻani bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati maʼlum qilgan.
Muloqot chogʻida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat, mintaqaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik masalalari keng doirasi muhokama qilindi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi ishonchga asoslangan munosabatlarning yuqori darajasi hamda turli darajadagi ikki tomonlama hamkorlikning ochiq va konstruktiv xususiyati qayd etildi. Doha (Qatar) shahrida boshlangan muzokara jarayonini davom ettirishga sodiqlik tasdiqlandi. Ustuvor yoʻnalishlardagi hamkorlikning oʻsish surʼati ijobiy baholanib, tomonlar aniq kelishuvlarga erishish maqsadida oʻzaro manfaatli sheriklikning yangi qirralari ustida ishlash istiqbolli ekani toʻgʻrisida yagona fikrga keldilar.
Investitsiyalar, savdo, energetika, transport va infratuzilmani rivojlantirish sohasidagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish orqali Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarini rivojlantirishga moʻljallangan amaliy hamkorlikka oʻzaro tayyorlik bildirildi. Shu nuqtayi nazardan, Ashraf Gʻani transport yoʻlaklarini rivojlantirish sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun qoʻshimcha moliyalashtirish manbalarini jalb etish maqsadida xalqaro moliya institutlari, xususan, AQSHning Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish tashabbusini qoʻllab-quvvatladi.
Uchrashuv yakunida siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy, energetika, transport-logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish maqsadida har ikki mamlakatning tegishli vazirlik, idoralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maʼqullandi. Tomonlar “Yoʻl xaritasi”ga kiritilgan tadbirlar amalga oshirilishini har oyda koʻrib chiqishga kelishib oldilar.

 

O’zA