Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi toʻgʻrisida AXBOROT

2020-yil 19-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi. Uni parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sakkizinchi yalpi majlisini 2020-yil 21-oktyabr kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Videokonferensaloqa tarzida oʻtkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan.
“Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Jamoat xavfsizligini taʼminlashga doir qonun hujjatlari yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, Jizzax viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisobotini eshitish ham nazarda tutilgan.
Qolaversa, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashdagi muammolar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash bilan bogʻliq jinoyatlar sodir etilishi holati yuzasidan Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama qilinishi koʻzda tutilgan.
Shuningdek, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati, qolaversa, tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va nogironlikni aniqlash masalalari borasida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovlari natijalari koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan.

 

OʻzА