“Qoʻngʻirot” ovul fuqarolar yigʻinining yangi binosi foydalanishga topshirildi

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov mahalla tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, sohadagi oʻzgarishlarni atroflicha oʻrganish maqsadida kuni kecha Qoraqalpogʻiston Respublikasining bir qator hududlari, jumladan, Boʻzatov tumanida boʻlib, u yerdagi mahallalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Taʼkidlash lozimki, Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan qayta tashkil etilgan Boʻzatov tumanida bugungi kunda aholi murojaatlari bilan ishlash, xalqni qiynayotgan masalalar va muammolarni oʻrganish va ijobiy hal etishda fuqarolar yigʻinlarining ishtiroki muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Vazir R.Mamatov tashrif davomida tumandagi fuqarolar yigʻinlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, binolarning moddiy-texnik bazasi hamda xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishar ekan, bu borada soha xodimlariga oʻz taklif va tavsiyalarini berib oʻtdi. Shuningdek, tizimda samarali mehnat qilayotgan xodimlarga koʻrsatilgan yuksak eʼtibor namunasi sifatida tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi mutaxassisi, yosh ijodkor Minara Qalbayevaga vazirlik tomonidan sovgʻa qilingan kompyuter jamlanmasini topshirdi. Shuningdek, Boʻzatov tumanidagi 1000 oʻrinli zamonaviy oʻyingohda hudud yoshlari oʻrtasida oʻtkazilgan “Mahallada futbol” sport musobaqasi gʻoliblarini taqdirlash marosimida ishtirok etdi va musobaqa gʻolibi “Boʻzatov” shaharcha fuqarolar yigʻini yoshlariga kubok va esdalik sovgʻalari topshirdi.
ea4852a9-c18c-b9b9-2acd-13fef004d283.jpg
Tumanning eng chekka hududida joylashgan “Aspantay” ovul fuqarolar yigʻining “Porlitov” ovulida istiqomat qilayotgan fuqarolar va tadbirkorlar bilan olib borilgan suhbat davomida fuqarolar yigʻinida shakllantirilgan “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni ish bilan band qilish, oilaviy daromadlarini yaxshilash uchun ularni tikuv mashinalari bilan taʼminlashda amaliy yordam berilishi taʼkidlab oʻtildi.
Vazir R.Mamatov Qoʻngʻirot tumanidagi “Qoʻngʻirot” ovul fuqarolar yigʻinining yangi binosi ochilish marosimida ishtirok etib, soʻnggi yillarda Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida mahalla tizimining jamiyatdagi nufuzini oshirish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini yana-da takomillashtirish, uning vazifa va vakolatlari doirasini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilayotganligini alohida qayd etdi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4602-sonli Qaroriga asosan, mamlakatimizning bir qator hududlarida davlat-xususiy sheriklik asosida fuqarolar yigʻinlarining namunaviy binolarini qurish belgilangan.
photo_2020-10-19_15-46-15.jpg
Ushbu qaror ijrosi yuzasidan hozirgi kunda yurtimiz boʻylab koʻplab mahallalarda yangi fuqarolar yigʻinlarining binolari qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. Aytish lozimki, “Qoʻngʻirot” ovul fuqarolar yigʻining yangi binosi ana shu xayrli ishlarning davomi boʻldi.
— Sohadagi ijobiy oʻzgarish va yangilanishlar sabab mahalla xalqning haqiqiy suyanchi va yaqin maslakdoshiga aylanib bormoqda, — deydi mazkur ovul fuqarolar yigʻini raisi Orazali Sultanov. — Ayniqsa, bu yilgi pandemiya davrida bu holat yana-da yorqinroq namoyon boʻldi. Oʻylaymanki, mahallamizning yangi binosi aholi va ularning murojaatlari bilan ishlashda bizga oʻzgacha shijoat bagʻishlaydi.
Maʼlumki, bugungi kunda mamlakatimizda “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” shakllantirish borasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha Nukus shahri va Beruniy tumanlari namuna qilib olindi.
photo_2020-10-19_21-53-54.jpg
Mazkur ishlarni samarali olib borish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasida har kunlik maʼlumotlarni muvofiqlashtiruvchi shtab va ishchi guruhlar tashkil qilindi. R. Mamatov Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi davomida ushbu Ishchi guruhlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Oʻrganish davomida mazkur daftarlarni shakllantirish, unga kiritilgan fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, aholi bandligini taʼminlash hamda tadbirkorlik va kasb-hunarga yoʻnaltirish eng dolzarb masalalardan biri ekanligini taʼkidlab, bu borada mutasaddi xodimlarga masʼul ishchi guruh aʼzolariga zarur tavsiyalar berdi. Shuningdek, Moʻynoq tumani “Hokim ota” ovul fuqarolar yigʻini hududidagi “Doʻstlik” qishlogʻida boʻlib, nuroniy otaxonlar bilan uchrashdi.

 

OʻzA