Oʻzbekiston yoshlari va ayollari doimo eʼtiborda

Mamlakatimizda doimiy aholi soni Oʻzbekiston Respublikasi davlat statistika qoʻmitasining maʼlumotiga koʻra, 2020-yilning 1-iyul holatiga 34 191 700 nafarni tashkil etadi.

Shundan 50.1 foizi erkaklar, 49.9 foizi ayollardir (demografik holat 2020-yil yanvar-iyun).

Agar keltirilgan raqamlarga eʼtibor qaratsak, jamiyatda ayollar erkaklarga qaraganda, atigi 0.2 foizga kamligi bilan farqlanishini koʻrishimiz mumkin.

Bugun jamiyatning deyarli barcha sohalarida ayollarning faolligi ortgani yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Bu holatni, shubhasiz davlatimiz rahbari tomonidan xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni boshqaruv faoliyatiga koʻproq jalb etish, shuningdek ijtimoiy-siyosiy hayotdagi roli va faolligini yana-da oshirish borasidagi qonunchilik meʼyorlarini tobora takomillashtirish masalasini davlat siyosati darajasiga olib chiqqani bilan baholash mumkin.

Joriy yilning 8-oktyabr kuni “Jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini taʼminlash chora-tadbirlari” yuzasidan Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aynan shu masalalar koʻtarildi.

Xotin-qizlar va yoshlar – aholining katta qismi, ijtimoiy masalalarning aksariyati ham ularning turmush tarzi va faoliyati bilan chambarchas bogʻliq. Shuning uchun ham ularning jamiyatda tutgan oʻrni va rolini oshirish hamda bandligini taʼminlash masalasi va chora-tadbirlari davlat olib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar kategoriyasi aholining 60 foizini tashkil etadi. 2016-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisidagi” Qonunning 3-moddasida yoshlar (yosh fuqarolar) deyilganda, oʻn toʻrt yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan shaxslar tushuniladi, deb koʻrsatilgan

Agar mamlakatimiz aholisining 30 yoshgacha boʻlgan ulushidan aynan 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan koʻrsatkich doirasida yoshlar ulushini ajratib qaraydigan boʻlsak, bu koʻrsatkich 32 foizdan oshadi. Yaʼni, mamlakat aholisining deyarli uchdan biri aynan yoshlar hisobiga toʻgʻri keladi.

Shunday ekan, Oʻzbekistonda yoshlar kategoriyasini belgilashda mavjud noaniqliklarni bartaraf etish joiz. Sababi, yoshlarga nafaqat fiziologik nuqtai-nazardan, balki ijtimoiylikdan kelib chiqqan holda ularning yosh chegarasini 14 yoshdan 30 yoshgacha emas, balki 16 yoshdan 32 yoshgacha boʻlgan qatlam sifatida belgilash maqsadga muvofiq boʻladi. Chunki, 16 yosh oʻsmirlarning fuqarolik maqomiga ega boʻlishi va soʻnggi yillarda nikohga kirish yoshining oʻrtacha 27-28 yoshga toʻgʻri kelishi hamda ularning ijtimoiy mehnat taqsimotiga kamida 2-3 yil kech kirishi mazkur qatlam chegarasini qayta koʻrib chiqish va belgilash masalasini kun tartibiga qoʻymoqda. Dunyoning ayrim mamlakatlarida bu qatlamning yuqori yosh chegarasi 35 yosh, deb belgilangan.

Taraqqiyotning hozirgi davrida yoshlar va ayollar hayoti bilan bogʻliq asosiy muammo, ishsizlik hisoblanadi. Yuzaga kelayotgan boshqa barcha ijtimoiy muammo hamda masalalar aynan ishsizlik bilan chambarchas bogʻliq.

Tahlillarga koʻra, ishsizlar soni 2020-yilning avgust holatiga
AQSHda – 10,2, Germaniyada – 5,8, Angliyada – 3,9, Janubiy Koreyada – 4,2 (yoshlar orasida 9,7), Turkiyada – 13,7 foizni tashkil etadi.

Mamlakatimizda esa Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi maʼlumotiga koʻra, joriy yilning yanvar-iyun oylari holatiga Oʻzbekistonda ishsizlik darajasi 13,2 foizni tashkil etadi. 2019-yilning birinchi yarmida bu koʻrsatkich 9,1% ni tashkil etgan boʻlsa, ish bilan taʼminlanishga muhtojlar soni 1,94 mln. kishiga ortganini koʻrsatadi. Hozirgi kunda Oʻzbekistonni oʻrta darajada rivojlanayotgan davlatlar qatoriga qoʻshish tendensiyasi koʻzga tashlanmoqda. Mamlakatda doimiy va barqaror ish oʻrni yaratish, yoshlarning kasbiy taʼlim sifati, mehnat muhojirlari singari masalalar dolzarb boʻlib qolayotganligi hech kimga sir emas. Oʻzbekistonda har yili 600-650 ming oʻrta yoki oʻrta-maxsus maʼlumotga ega boʻlgan yoshlar mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Joriy yilda oliy taʼlim muassasalariga qabul kvotasi oʻrta taʼlim muassasalarini bitirgan yoshlarning oʻrtacha 20-22 foizini tashkil etadigan boʻlsa, bu raqam mamlakatdagi oliy maʼlumotga boʻlgan talabni yetarli darajada qondira olmaydi.

Soʻnggi yillarda yoshlar va ayollar yoʻnalishi boʻylab Oʻzbekistonda davlat siyosatini mahalla darajasigacha yuritadigan vertikal tizim yaratildi. Yoshlar masalalari boʻyicha har bir tumanda alohida hokim oʻrinbosari, uning 3 nafargacha mutaxassisi, Yoshlar ishlari agentligi boʻlimining 3 nafar xodimi, viloyatda ham hokim oʻrinbosari, uning 4 nafar mutaxassisi, Yoshlar ishlari agentligi boshqarmasining 11 nafar xodimi ajratildi.

Lekin joylarda sektor ishini samarali tashkil etish boʻyicha koʻplab hal qilinmagan muammolar saqlanib qolayotganligi davlat rahbari tomonidan koʻrsatib oʻtildi. Shu bois, videoselektor yigʻilishida xotin-qizlar va yoshlar masalalari boʻyicha yangi ish tizimi joriy etilishi taʼkidlandi.

Bu tizimga muvofiq:

  • har bir mahalla, tuman (shahar), viloyat kesimida “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” shakllantiriladi;
  • bu daftarlardagi roʻyxatlar “Temir daftar”dan alohida boʻladi;
  • unga ijtimoiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlashga muhtoj, bilim va kasb oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor boʻlgan, lekin imkoniyati yetarli boʻlmagan ishsiz yoshlar va xotin-qizlar kiritiladi;
  • shu asosda ular bilan tizimli, manzilli ish yoʻlga qoʻyiladi;
  • hokimlarning Ijtimoiy masalalar boʻyicha oʻrinbosarlari “Yoshlar daftari” boʻyicha, Mahalla va oila masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari “Ayollar daftari” boʻyicha masʼulligi belgilandi.

Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari ham kelajakda amalga oshirilishi lozim boʻlgan maqsadli vazifalarni belgilab oldi. Ulardan eng asosiylari qoʻyidagilar:

  • har bir viloyat salohiyatidan kelib chiqib, xotin-qizlar va yoshlar bandligini taʼminlashga koʻmaklashish;
  • barcha hududlar boʻyicha “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”da necha nafar oila roʻyxatga olinganligi yuzasidan oʻrganish olib borish, muammolarni atroflicha bartaraf etishda takliflar berib borish;
  • tumandagi barcha yoʻnalishlarni Ayollar va yoshlar bilan ishlashga safarbar etilishini nazoratga olish;
  • yoshlar va xotin-qizlar bilan yuzma-yuz koʻrishib, muammolari hamda dardini eshitib, ularni kelajakka ishonchini orttirish, huquqiy, moliyaviy, psixologik, tibbiy yordam berilishiga hissa qoʻshish (masalan, tuman Adliyasi bilan kelishgan holda xodim biriktirilib, bepul huquqiy maslahat berish, yolgʻiz va keksa ayollar uchun joylardagi oilaviy poliklinikalar bilan kelishilgan holda shifokor va hamshira biriktirishni nazorat qilish kabi);
  • “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutidan barcha viloyatlar boʻyicha kuratorlar tayinlanib, biriktirilgan hududlari boʻyicha Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar yuzasidan ish tashkil qilish, doimiy tahlil va nazoratini olib borishni yoʻlga qoʻyish;
  • “Yoshlar daftari”ga ijtimoiy masalalar boʻyicha oʻrinbosar, “Ayollar daftari”ga mahalla va oila masalasi boʻyicha oʻrinbosar masʼul etib belgilanganligini inobatga olgan holda ular faoliyati boʻyicha maʼlumotlar eʼlon qilib borish;
  • har bir tumanda Ayollar jamgʻarmasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish ishlari boshlanganini inobatga olib, koʻmakka muhtoj ayollarni ham moddiy, ham maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash.

Nodira EGAMBERDIYEVA,
“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot
instituti direktori

Sobir XODJAYEV,
“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot
instituti Strategik tahlil va
prognozlashtirish boʻlimi boshligʻi

O’zA