Hindiston elchisi bilan uchrashuv toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Hindiston Respublikasining mamlakatimizdagi yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabhatni qabul qildi.
Vazir ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib olarkan, doʻst Hindiston mamlakati Elchisini yuqori va masʼuliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi hamda unga muvaffaqiyat tiladi.
Suhbat davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama aloqalarning joriy holati, rivojlanish istiqboli koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston – Hindiston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilib, ijobiy oʻsish surʼati kuzatilayotgani qayd etildi. Oliy darajadagi muntazam muloqotlar ikki tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlashga zamin yaratmoqda.
Tomonlar turli darajada boʻlib oʻtadigan qoʻshma tadbirlar jadvali boʻyicha fikr almashdilar. Xususan, ikki mamlakat tashqi ishlar idoralari oʻrtasida navbatdagi siyosiy maslahatlashuvni oʻtkazish taklif qilindi.
Koronavirus pandemiyasining ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarga salbiy taʼsiri oldini olish va oʻzaro savdo hajmini yana-da oshirish yuzasidan qoʻshimcha choralar koʻrish zarurligi taʼkidlandi.
Tibbiyot, farmatsevtika, taʼlim va innovatsiya sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida sayyohlik almashinuvini qayta tiklash, oʻzaro sayyohlar oqimini oshirishga qiziqish bildirildi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

 

OʻzA