Turkmanistonda ikki palatali parlament tashkil etiladi

Turkmaniston Xalq Maslahati juma kuni “Turkmaniston Konstitutsiyasiga tuzatish va toʻldirish kiritilishi toʻgʻrisida” qonun loyihasini bir ovozdan maʼqulladi. 

Ushbu qonun loyihasi mamlakatda ikki palatali parlament tashkil etilishini nazarda tutadi, deb xabar beradi Turkmaniston davlat xabarlari agentligi.
Mamlakatning oliy vakillik organi boʻlgan Xalq Maslahati majlisi, mintaqada hamda dunyoda murakkab epidemiologik vaziyat yuzaga kelgani bois ilk bor masofadan oʻtkazildi.
Majlisga Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raislik qilgan.
“Biz ushbu qonunning qabul qilinishini mamlakatimizni demokratlashtirish sari tashlangan yana bir qadam boʻladi, deb hisoblaymiz. Ishonchim komilki, Turkmaniston Milliy Kengashi umummilliy vakillik organiga aylanadi va xalqimizni birlashtirib yuksak marralarga ilhomlantiradi”, – deya taʼkidladi prezident.
Maʼqullangan Konstitutsiya qonuni loyihasiga koʻra, Turkmanistonning yangi ikki palatali parlamenti Milli Gengesh (Milliy Kengash), deb ataladi.
Xabarda aytilishicha, hujjat 2021-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.

 

O’zA