Davlatimiz rahbarining tashrifni bolalar bog‘chasidan boshlaganida katta ma’no mujassam. Prezidentimiz o‘zining har bir chiqishlari va hududlarga tashrifida maktabgacha ta’lim sifatini oshirish, maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni maktabga sifatli tayyorlashni tubdan yaxshilash, ta’lim-tarbiya jarayoniga jahon amaliyotida keng qo‘llaniladigan zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini joriy etish tashabbusini ilgari surmoqda va bu borada muhim vazifalarni qo‘ymoqda.
Prezidentimizning 2016-yil 29-dekabrdagi “2017-2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, maktabgacha ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jumladan, qishloq aholi punktlarida yangi ana shunday inshoatlar qurish, ularni zamonaviy inventar, uskunalar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar, multimedia resurslari bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 30-sentabrdagi maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi farmoni bilan esa Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Yangi vazirlikning asosiy vazifalari bosqichma-bosqich barcha bolalarni maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olish, mamlakatda o‘zaro raqobat qiluvchi davlat va nodavlat MTMlari tarmog‘ini yaratish, amaliyotga maktabgacha ta’lim va bolalarni tarbiyalashning muqobil shakllarini joriy etishdan iborat.
Mazkur qaror va farmon ijrosi yuzasidan bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 318 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularning 3 tasi xususiy, 7 tasi turli tashkilotlar tasarrufida. Ularda 48 ming 106 nafar, umumiy bolalarning 32 foizi ta’lim-tarbiya olmoqda.
Mazkur bog‘cha 140 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 1992-yilda tashkil etilgan. 37 nafar pedagog va tarbiyachi ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari bog‘chada bolalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, tarbiyalanuvchilarni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabrikladi.
Maktabgacha ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratayotganimiz bejiz emas, dedi Shavkat Mirziyoyev. Yoshlar tarbiyasiga bugundan e’tibor bermasak ertaga kech bo‘lishi mumkin.
Prezidentimiz bolalarning ovqatlanish ratsioni bilan qiziqdi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarini Qoraqalpog‘istonning iqlim sharoitidan kelib chiqib qurish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. Har bir xonani isitiladigan pol bilan ta’minlash zarur. Bundan tashqari bu soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini ham qayta ko‘rib chiqish kerak. Buning uchun oliy ta’lim muassasalari qoshida maxsus kurslar tashkil qilish lozim. Tarbiyachilar saviyasi bolalar kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega.
Davlatimiz rahbari yangi qurilayotgan bog‘chalar loyihasini tayyorlashda Janubiy Koreya tajribasini tatbiq qilish lozimligini qayd etdi.
Bunday inshoatlarni eskicha ruhdagi loyihalar asosida qurish o‘zini oqlamayapti. Bolalarning yotoqxonalari va darsxonalarini keng va yorug‘ qilib bunyod qilishimiz, ma’muriy xonalarni ixchamlashtirishimiz kerak, dedi Prezidentimiz.
Shu yerda 50, 100, 150 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasalarining namunaviy loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Yangi loyihalarda maktabgacha ta’lim muassasalarining davlat va nodavlat tarmoqlarini yanada kengaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, davlat va xususiy sektor sherikligi shartlarida maktabgacha ta’lim muassasalarining yangi shakllarini joriy etish kabi ma’lumotlar o‘z ifodasini topdi.
Prezidentimiz pedagogika kollejini tugatgan yoshlarni qayta tayyorlov kurslariga jalb qilib, ularni maktabgacha ta’lim muassasalariga ishga qabul qilish bo‘yicha topshiriq berdi.