Saxovatpesha insonlarga koʻkrak nishoni topshirildi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashida pandemiya sharoitida aholining kam taʼminlangan qatlamini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash, ularga begʻaraz homiylik yordamini ko’rsatishda ezgu ishlari bilan barchaga oʻrnak boʻlgan turli soha vakillariga “Mehr-saxovat” koʻkrak nishonini topshirish marosimi bo’ldi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o’rinbosari, Mahalla va oilalarni qo’llab-quvvatlash vaziri S.Turmanov yigʻilganlarni sinovli kunlarda bunday ezgu ishlarda faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi.
Taʼkidlanganidek, global pandemiya hamda turli tabiiy ofat va favqulodda holatlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda mardlik va jasorat namunasini koʻrsatgan yurtdoshlarimizni taqdirlash maqsadida Davlatimiz rahbarining 2020-yil 26-maydagi “Mehr-saxovat” koʻkrak nishonini taʼsis etish to’gʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi. El-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda, mehr-oqibat, saxovat kabi xalqimizga tan olijanoblik fazilatlarini namoyon etgan bir guruh qoraqalpogʻistonliklar ham mazkur koʻkrak nishoniga munosib deb topildi.
Tadbirda koʻkrak nishonlari o’z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Mukofotlanganlar nomidan respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori B.Jumaniyazov, ushbu shifoxonaning diagnostika bo’limi mudirasi G.Jumanova va boshqalar aholi salomatligini muhofaza qilish va ularni ijtimoiy qo’llab-quvvatlashdagi kamtarona mehnatini yuksak eʼtirof etgani uchun Davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
–Pandemiya sharoitida sogʻliqni saqlash xodimlari kasallikka chalingan bemorlarni aniqlash va ularni davolashda fidokorona mehnat qildi, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi virusologiya laboratoriyasi laboranti Gulxaticha O’rinboyeva .– Bu mukofot mamlakatimizda joriy etilgan karantin qoidalarini aholi o’rtasida keng targʻib qilish, koronovirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishda har birimizga yana-da masʼuliyat yuklaydi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA