COVID-19 bilan bogʻliq statistik raqamlar qanday shakllantiriladi?

Ijtimoiy tarmoqlarda oʻqituvchilarning aksariyatida COVID-19 aniqlangani toʻgʻrisidagi xabarlar keng tarqaldi. 
Jumladan, Samarqand viloyatining Payariq va Jomboy tumanlarida 100 nafarga yaqin pedagoglarda virus aniqlangani aytildi. Yana aytilishicha, Buxoroda ham ushbu virusga chalingan pedagog xodimlar koʻpchilikni tashkil etar ekan. Ammo bu borada Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan aniq statistik maʼlumotlar berilmadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida mamlakatimizda koronavirus bilan bogʻliq holat yuzasidan oʻtkazilayotgan brifingda shu kabi savollarga javob berildi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Nurmat Otabekovning taʼkidlashicha, ushbu soha xodimlarining qanchasi COVID-19ga tekshirilganligi va ulardan qanchasi musbat natija berganini alohida koʻrsatishdan hech qanday mantiq va manfaat yoʻq.
– Statistik raqamlar shakllanishida COVID-19ga laboratoriya usulida tekshirilib, musbat natija olinganlarning barchasi inobatga olinadi, – deydi N.Otabekov.– Oʻqituvchilar orasida aniqlangan kasalliklar soni umumiy kasallanganlar statistikasiga kiritib borilayapti. Biroq aholiga tarqatilayotgan statistik raqamlarda oʻqituvchilar alohida toifalarga (kasb bilan bogʻliq) ajratib koʻrsatilmayapdi.
Bu soha xodimlarining qanchasi COVID-19ga tekshirilganligi va ulardan qanchasi musbat natija berganligini alohida koʻrsatishdan hech qanday mantiq koʻrmayapmiz. Axir kasallanganlarning barchasi statistikaga kiritilganligining oʻzi yetarli emasmi!?

 

Mohigul Qosimova, OʻzA