Adliya vazirligi mutaxassislari aholidan tushayotgan savollarga javob berishda davom etmoqda.
Navbatdagi savollarga vazirlik jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi Sevara Oʻrinboyeva javob berdi:
Savol: Fuqarolik pasportlari oʻrniga ID-kartalar joriy etilayotgani haqida oʻqidim. Ushbu tartib qachondan boshlanadi?
Javob: “Oʻzbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoniga muvofiq fuqarolar uchun beriladigan biometrik pasport oʻrniga ID-kartalar joriy etiladi.
Fuqarolarning biometrik pasportlari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxs va chet davlat fuqarolarining yashash guvohnomalarini identifikatsiya ID-kartalariga almashtirish: birinchi bosqichda 2021-yil 1-yanvardan 2022-yil 31-dekabrgacha ixtiyoriylik asosida 16 yoshga toʻlganda hamda qonunchilikda koʻzda tutilgan boshqa sabablarga koʻra; ikkinchi bosqichda 2023-yil 1-yanvardan 2030-yil 31-dekabrgacha majburiy tartibda amalga oshiriladi.
Prezident farmoniga koʻra, biometrik pasport oʻrniga joriy etilayotgan identifikatsiya ID-kartalarini olish va almashtirish uchun fuqarolarga istalgan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalariga, ularni almashtirish uchun esa davlat xizmatlari markazlariga ham murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.
Savol: Korxonam umumiy ovqatlanishga ixtisoslashgan. Karantin cheklovlari sabab qiynalib qoldim. Menga yordam sifatida qoʻshimcha imtiyoz bormi?
Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-iyuldagi farmoniga asosan umumiy ovqatlanish korxonalariga quyidagi imtiyozlar berilgan:
2020-yil 1-iyuldan 2020-yil 31-dekabrga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari va binolarni ijaraga berishga ixtisoslashgan korxonalar aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashdan ozod etiladi;
2020-yil 1-apreldan 2020-yil 31-dekabrga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻimni toʻlashdan ozod qilinadi; umumiy ovqatlanish korxonalariga alkogol mahsulotlarini yetkazib berish orqali sotish huquqi beriladi;
umumiy ovqatlanish korxonalari uchun kichik tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etilgan imtiyozlar va preferensiyalarni qoʻllagan holda, ularni kichik korxonalar toifasiga kiritish maqsadida 2020-yil 1-iyuldan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari uchun belgilangan xodimlarning yillik oʻrtacha soni 25 nafardan 50 nafarga oshirildi;
2021-yil 1-iyulga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari karantin cheklovlarining bekor qilinishiga qarab tuman (shahar) hokimliklarini xabardor qilish orqali isteʼmolchilarga ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatish uchun oʻzlariga tutash boʻsh yer uchastkalarida yengil konstruksiyalarni bepul joylashtirish va qurish huquqiga ega.
Savol: Farzandlikka olishni rasmiylashtirishda FHDYO organiga qanday hujjatlar taqdim etiladi?
Javob: “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida ish yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi yoʻriqnomada belgilanishicha farzandlikka olishni rasmiylashtirish uchun FHDYO organiga sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qaroridan koʻchirma, farzandlikka olinuvchining tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi, shuningdek farzandlikka oluvchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari taqdim etiladi.
Farzandlikka oluvchilar ikki yoki undan koʻp bolani bir vaqtda farzandlikka olgan hollarda har bir bola uchun alohida sudning hal qiluv qarori taqdim etilishi kerak. Agar ushbu masalada sud tomonidan bitta hal qiluv qarori qabul qilingan boʻlsa, mazkur hal qiluv qarorining nusxalari farzandlikka olinayotgan bolalarning soniga mutanosib miqdorda taqdim etilishi hamda har bir qarorga alohida kirim va ijro haqida belgi qoʻyilishi lozim.
Savol: Boshligʻim meni vazifamga kirmaydigan ishlarni qilishga majburlaydi. Aks holda ishdan boʻshatishini aytib qoʻrqitadi. Shunday qilishga uning haqqi bormi?
Javob: Mehnat kodeksining 7-moddasiga koʻra majburiy mehnat deganda biron-bir jazoni qoʻllash bilan tahdid qilish orqali xodimni ish bajarishga majburlash tushuniladi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning
51-moddasiga asosan mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima, xuddi shunday huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa BHMning 70 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Jinoyat kodeksiga asosan mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno, xuddi shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 4 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Xuddi shunday harakat voyaga yetmagan shaxsga nisbatan xuddi shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, BHMning 150 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Muattar Roʻziboyeva, OʻzA