Oʻqituvchilarning bilim koʻnikmasi sinovdan oʻtkazilmoqda

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida birinchi va oliy toifa bӱyicha pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish uchun malaka (test) sinovlari bo’lib o’tmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2019-yil 13-maydagi “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi belgilandi.
Attestatsiyani oʻtkazishning asosiy maqsadi, oʻquv fani boʻyicha malakasi, dars oʻtish mahorati, mehnati samaradorligi va ijtimoiy-siyosiy bilimlarini oshirgan pedagog kadrlarni ragʻbatlantirish, ish haqi miqdorini oshirish imkoniyatlarini yaratish, xorijiy tillarni oʻrganishni qoʻllab-quvvatlash, kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha amaliy koʻnikmalarga ega boʻlishning majburiyligini taʼminlashdan iborat.
Qoraqalpoq davlat universitetida pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish malaka (test) sinovlari karantin qoidalariga amal qilgan holda yuqori saviyada tashkil etilgan. Jumladan davogarlar oraliq masofa saqlangan holda harorati oʻlchanib, shaxsi tasdiqlangach sinov hududiga kiritilmoqda.
–Yuqorida qayd etilgan qarorga muvofiq bir qator imkoniyatlar ham berilgan, –deydi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boʻlimi bosh mutaxassisi Farhod Babanazarov.–Avvallari davogarlar attestatsiyadan uch bosqichda, yaʼni oʻquv fani boʻyicha test, dars oʻtish mahorati, mehnat faoliyati samaradorligini o’rganish va suhbatdan oʻtar edi. Mazkur Nizom boʻyicha suhbat olib tashlandi. Ikkinchidan pedogog kadrlar attestitsiyadan har 5 yilda bir marta oʻtar edi, endilikda navbatdan tashqari malaka toifalarini oshirish imkoniyatiga ega bo’ldilar.
Malaka (test) sinovlarida birinchi va oliy toifalarga davogar maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar (professional taʼlim) va vazirlik tasarrufidagi davlat taʼlim muassasalaridan 3090 nafar pedagog kadr jalb qilingan. Shundan birinchi kuni 406 nafar, ikkinchi kuni 683 nafar, uchinchi kuni 438 nafar pedagog kadr malaka (test) sinovini topshirgan boʻlsa, bugun 400 nafardan ortigʻi ishtirok etmoqda.
–Test sinovlari oshkoralik va halollik bilan ӱtmoqda, – deydi Beruniy tumani 38-umumtaʼlim maktabi texnologiya fani oʻqituvchisi Nilufar Iskandarova. – Qulaylik tomoni shundaki, test natijalari shu zahoti maʼlum boʻladi. Pedagog kadrlar navbatdagi attestatsiyani kutmasdan navbatdan tashqari ham test sinovlarini topshirish imkoniyatiga ega. Bu esa, oʻz ustimizda koʻproq ishlab, bilim va mahoratimizni oshirib borishimizni taqozo etadi.
Pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha malaka (test) sinovlari 26-sentyabr shanba kunigacha davom etadi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA