Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari  chorrahasida

Keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan pragmatik ochiq siyosat tufayli yangi Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzi tobora ortayotgani bir qator xalqaro reyting koʻrsatkichlarida hamda nufuzli anjumanlarda eʼtirof etilmoqda.
Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi yetmish beshinchi yubiley sessiyasining yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida ishtirok etib, oʻzbek tilida nutq soʻzlagani unutilmas tarixiy voqea boʻldi. Eng muhimi, Oʻzbekiston rahbari xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan oʻz nuqtayi nazarini taqdim etdi, mamlakatimizni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.
Davlatimiz rahbari mintaqada va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, shuningdek, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambagʻallikni qisqartirish masalalari kabi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Aslida keyingi yillarda yurtimizda tashkil etilayotgan nufuzli xalqaro konferensiyalar, forumlar, madaniy tadbirlar Oʻzbekistonni nafaqat Markaziy Osiyoning, balki dunyoning zamonaviy madaniy-maʼrifiy markazlaridan biriga aylanib borayotganini anglatadi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda.
Insoniyatning ilk tamadduni bilan tengdosh boʻlgan diyorimizda miloddan keyingi davrda ikkita ulkan uygʻonish toʻlqini joʻsh urganiga tarix guvoh. Lekin, bugungi zamonaviy ilm-fan yutuqlari aynan bizning hududda kechgan buyuk renessans tufayli yuzaga kelgan kashfiyotlar asosiga qurilganini hamon dunyo ahliga bor mahobati bilan koʻrsata olganimiz yoʻq.
Qolaversa, Oʻzbekiston Buyuk ipak yoʻlidagi qulay geografik joylashuvi tufayli xalqaro savdo, madaniy, ilmiy va aql-zakovat almashinuvida muhim boʻgʻin boʻlib xizmat qilgan. Sharq va Gʻarb sivilizatsiyalari oʻrtasidagi muloqot rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan.
Afsuski, Markaziy Osiyo xalqlarining bugungi jahon taraqqiyotidagi ulushi bor koʻlami bilan hali ham toʻliq oʻrganilmagan. Ayniqsa, Oʻzbekistonimizning bebaho madaniy merosini dunyo ahli uchun deyarli ochilmagan xazina sifatida baholash mumkin.
Bu haqda gap ketganda, Prezidentimizning Parij va Samarqand shahrlarida BMTning taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti – YUNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan oʻtkazilgan uchrashuvlardagi xulosalarni eslash oʻrinli. Xususan, Samarqanddagi uchrashuvda xalqimizning noyob madaniy-tarixiy merosini asrash sohasida hamkorlik qilish va bu boradagi almashinuvlarni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratilishiga kelishilgandi. Yurtimizda boy madaniy merosni asrab-avaylash, turizm salohiyatini roʻyobga chiqarish, taʼlim va fan, atrof-muhit muhofazasi sohalarida muhim oʻzgarishlarni amalga oshirish borasidagi islohotlar ijobiy natijalar berayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgandi.
Bugungi kunda 195 ta mamlakat aʼzo boʻlgan YUNESKO tashkiloti 1945-yildan buyon taʼlim, fan, madaniyat, kommunikatsiyalar, turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish orqali tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga koʻmaklashib kelmoqda. Oʻzbekiston bilan YUNESKO aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan 2021-yilgacha hamkorlik dasturi doirasida mamlakatimizda bir qator loyihalar amalga oshirildi.
Xivadagi “Ichan qalʼa” majmuasi, Samarqand, Buxoro va Shahrisabzning tarixiy markazlari, shuningdek, Chotqol biosferasi YUNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan. Shoshmaqom, Boysun madaniy makoni, Navroʻz, Katta ashula, Askiya, Palov madaniyati va anʼanasi, Xorazm lazgisi kabi meroslarimiz tashkilotning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatidan joy olgan boʻlsa, Margʻilon hunarmandchilik maktabi: atlas va adras toʻqish texnologiyasi eng ilgʻor tajriba reyestridan oʻrin egalladi.
“Sharq taronalari”, baxshichilik sanʼati, hunarmandchilik va folklor sanʼati festivallari hamda Maqom sanʼati anjumani kabi qator yirik xalqaro tadbirlar YUNESKO hamkorligida tashkil etilmoqda.
Oʻzbekistonning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida “Dunyo dinlarini qiyoslama tadqiq etish”, “Suv diplomatiyasi, suv resurslarini boshqarish va atrof-muhit muhofazasi”, “Madaniyat turizmi” kabi YUNESKO kafedralari ochilmoqda.
Nufuzli xalqaro tashkilot bilan hamkorlikda 2021-yilda Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusida xalqaro forum oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Mazkur forum mintaqamiz xalqlarining dunyo tamadduniga qoʻshgan bemisl hissasi haqida keng qamrovli fikr bildirish uchun minbar vazifasini oʻtaydi.
Hech shubhasiz, bu oʻrinda asosiy ulush Oʻzbekiston tegishli. Qadim karvon yoʻllari bizning yerimizdan oʻtgan. Koʻhna shaharlarimiz va bozorlarimizda yuzlab lahjalar jaranglagan. Dunyo mamlakatlarining oʻzaro savdo va madaniy aloqlarida oʻzbek tuprogʻi koʻprik vositasini oʻtagan. Bugungi kunda ham Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasining nafaqat geografik, balki madaniy-tarixiy va maʼnaviy maʼnoda yuragi hisoblanadi.
Yangi Oʻzbekistonning tashqi siyosatida “Markaziy Osiyo – bosh ustuvor yoʻnalish” tamoyili izchil hayotga tatbiq etilishi mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratish, oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilik asosidagi aloqalarni mustahkamlash imkonini berdi. Bugungi kunda mamlakatimizning Markaziy Osiyo davlatlari bilan diplomatik, siyosiy, savdo-iqtisodiy aloqalar bilan bir qatorda madaniy-gumanitar sohalaridagi aloqalar ham izchil rivojlanib bormoqda. “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro forumi mintaqadagi integratsion islohotlarning buguni va istiqbolini mutaxassislar tomonidan chuqur tahlil qilish va baholash uchun ham yaxshigina muhokama maydoni vazifasini bajaradi.
Shuningdek, mamlakatimizning yangi tashqi siyosatini amalga oshirishda “madaniy diplomatiya” vositalaridan samarali foydalanish imkonini beradi. Oʻzaro chegaradosh davlatlar jamoatchiligi oʻrtasida “Markaziy Osiyo” deb nomlangan yagona mintaqaga daxldorlik tuygʻusini yana-da kuchaytirishga xizmat qiladi, bu ahil qoʻshnichilik va davlatlararo munosabatlarni rivojlantirishning muhim omili hisoblanadi.
Bunday forumlar xalqaro ilmiy hamjamiyatning Markaziy Osiyo xalqlari ilmiy va intellektual merosini oʻrganishga boʻlgan qiziqishini oshirishda muhim oʻrin tutadi. Qolaversa, madaniy va tarixiy merosni tiklash va ommalashtirish boʻyicha Markaziy Osiyoda koʻrilayotgan chora-tadbirlarga jahon hamjamiyati eʼtiborini va yordamini jalb qilish hamda koʻhna Xiva va umuman Oʻzbekistonning sayyohlik brendini targʻib etishga xizmat qiladi.
YUNESKO bilan birgalikda Markaziy Osiyo boʻyicha yirik xalqaro madaniy tadbir tashkil etilishi ushbu nufuzli xalqaro tuzilma bilan oʻzaro ishonchli aloqalarni yana-da mustahkamlab, yangi sifat bosiqichiga olib chiqishida muhim omil boʻlib qoladi.
Baxtiyor SAYFULLAYEV, 
Senatning Yoshlar, madaniyat va sport qoʻmitasi raisi

O’zA