Prezidentimizning Birlashgan Millat Tashkiloti Bosh Assambeliyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqi haqiqatan ham tarixiy voqea boʻldi.
Avvalo xalqaro hamjamiyatning eng yuksak minbarida oʻzbek tilining jaranglashi butun dunyodagi turkiyzabon xalqlarning qalbida faxrlanish oʻygʻotgani tabiiy.
Bugun bu tarixiy nutq uylarda, oila davrasida, mehnat jamoalarida, jamoat joylarida keng muhokama boʻlayotir. Chunki, davlatimiz rahbarining eng katta xalqaro tashkilotining eng yuksak minbarida soʻzlagan nutqida koʻtarilgan barcha masalalar butun dunyo uchun nechogʻli muhim ahamiyatga ega boʻlsa, ayni paytda har bir oilaning, har bir insonning hayotiga ham bevosita daxldordir.
Xususan, pandemiya masalasida Prezidentimiz xalqaro hamjamiyatni hamkorlikni yana-da kuchaytirishga chaqirgani qanchalik muhim ekanligini bu ofatni boshdan kechirayotgan dunyoning barcha odamlari, shu jumladan yurtimizning har bir fuqarosi yurakdan his etadi. Bu masalani tushunmaydigan odam yoʻq.
Shu bois Prezidentimizning “Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni” ishlab chiqish toʻgʻrisida taklifi BMT doirasida hal etishga molik oʻta muhim masaladir. Nutqda aytilganidek, ushbu hujjatda har bir davlatning oʻz fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi kelgusida shunday global ofatlarga qarshi kurashni yengillashtiradi.
Mamlakatga katta koʻlamdagi ofat kelgan paytda davlat xalqning, har bir odamning hayotini himoya qilish masʼuliyatini zimmasiga olishi nechogʻli muhim ahamiyatga ega ekanligini Oʻzbekistonda KOVID-19 qayd etilgan dastlabki kunlardan boshlab hukumatimiz tomonidan bu kasallikni jalovlash, insonlar hayotini saqlab qolish uchun qilingan harakatlarda koʻrib turibmiz. Shuning uchun Prezidentimizning bunday ofatlar paytida har bir davlatning ihtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisida xalqaro hujjat ishlab chiqish toʻgʻrisidagi taklifi xalqaro anjumanda koʻtarilgan masalalarning eng muhimlaridan biri boʻldi.
Davlatimiz rahbarining nutqida koʻtarilgan barcha masalalar: mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, Orolboʻyi mintaqasida ekologik vaziyatni yumshatish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, kambagʻallikka qarshi kurash, yoshlar boʻyicha bildirgan takliflari, koʻtargan tashabbuslari faqat Oʻzbekiston uchun emas, xalqaro hamjamiyat oldida turgan muhim vazifalardir. Shuning uchun bu hayotiy takliqlar, tashabbuslar dunyo mamlakatlarining, xalqlarning eʼtiborini tortmasdan qolmaydi albatta.
Mustaqillik tufayli BMTning teng huquqli aʼzosiga aylangan Oʻzbekiston oʻtgan davrda bu halqaro hamjamiyat safida, oʻz oʻrniga, oʻz mavqeiga ega davlatga aylandi. Prezidentimizning Bosh Assambeliyaning 75-sessiyadagi nutqi, shubhasiz, davlatimizning xalqaro hamjamiyat doirasidagi obroʻ-eʼtiborini yangi pogʻonaga koʻtardi.
Rustam OʻTABOYEV,
Arnasoy tumanidagi “Lochin” fermer xoʻjaligi rahbari,
“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi”,
xalq deputatlari Jizzax viloyati kengashi deputati
O’zA