BMT Sivilizatsiyalar alyansi ishlari boʻyicha Turkiya milliy muvofiqlashtirish kengashi raisi, tarix fanlari doktori, professor Bekir KARLIGA quyidagilarni qayd etdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi boshidan oxirigacha tinchlikparvarlik, hamkorlik va bunyodkorlikka intilish gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan. Shu bilan birga, Oʻzbekiston rahbari oʻz videomurojaatida koʻtargan muammolar koʻlami va ularning yechimi boʻyicha taklif etgan tashabbuslar dolzarbligi boʻyicha jahon hamjamiyati oldida nafaqat oʻz mamlakatining yetakchisi, ayni paytda yuzagan kelgan murakkab global vaziyat va uning istiqbollari boʻyicha aniq tasavvurga ega xalqaro miqyosdagi zamonaviy rahbar sifatida namoyon boʻldi.
Biz qardosh Oʻzbekiston, BMTning teng huquqli aʼzosi, xalqaro munosabatlarning faol subyekti sifatida nafaqat COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan vaziyatni, balki geosiyosiy, iqtisodiy va ekologik muammolarni koʻrib chiqish va hamkorlikda muhokama qilish ishlarida faol ishtirok etayotganidan mamnunmiz. Shuningdek, konstruktivizm, barcha sohadagi dolzarb masalalar boʻyicha hamkorlik qilishda ochiqlik va turli sheriklar bilan ham ikki tomonlama, ham koʻp tomonlama formatda oʻzaro aloqalarni kengaytirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosini tashkil etgani quvonarli hol.
Oʻzbekiston tinchlik, xavfsizlik va yaxshi qoʻshnichilik asosidagi hamkorlik tamoyillariga oʻzgarmas sodiqligini namoyish etgan holda, barcha manfaatdor mamlakatlar bilan oʻz munosabatlarini izchil rivojlantirmoqda. Nafaqat BMT boʻyicha, balki turli mintaqaviy tuzilmalar, xususan, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa forumlar bilan ham hamkorlikni mustahkamlamoqda.
Bunday keng koʻlamli yondashuv samarasida bugungi kunda Oʻzbekistonning tashqi siyosiy strategiyasi milliy manfaatlarni ilgari surish uchun barcha salohiyatli sheriklar bilan konstruktiv hamkorlik imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanishga qaratilgan yangi mazmun bilan boyimoqda.
Shu tarzda, Oʻzbekiston tashqi siyosati ayni paytda milliy manfaatlarni xalqaro maydonda himoya qilish tizimi sifatida hamda zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashda maqbul yechimlarni topish uchun BMT va boshqa tashkilotlar darajasida birgalikdagi izlanishlarni aks ettirgan holda, global ahamiyat kasb etmoqda. Shundan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston xalqaro muloqotning amaliyotda oʻzini oqlagan barcha vosita va mexanizmlaridan samarali va oqilona foydalanishga intilmoqda.
Shuni taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston xalqaro munosabatlar va jahon iqtisodiyoti asoslarini xalqaro huquqning umumbashariy tamoyillari, eng avvalo, BMT Nizomi asosida mustahkamlash tarafdori sifatida dunyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator amaliy qadamlarni qoʻymoqda. Masalan, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yil BMT 72-sessiyasida taklif etgan barcha beshta tashabbus butun insoniyat manfaatlari yoʻlida ilgari surilgan va shu bois, ular xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etildi va qoʻllab-quvvatlandi.
Oʻzbekiston rahbarining bugungi tashabbuslari ham alohida eʼtiborga loyiq. Ular haqiqatan ham zamonaviy, mazmunli va xalqaro hamjamiyatning pandemiyaga qarshi kurashish, xalqaro siyosat, tinchlik va xavfsizlik masalalari, Barqaror rivojlanish va atrof-muhit maqsadlari boʻyicha saʼy-harakatlarini birlashtirishda yaqin va samarali sheriklikning ustuvor masalalarini qamrab oladi.
Global hamkorlikning ushbu yoʻnalishlari xalqaro vaziyatning oʻzaro bogʻliqligini toʻliq aks ettiradi, bu esa BMTning barcha aʼzolaridan hech bir istisnosiz, muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab etadi.