Delegatsiyalarga mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari, Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov boshchilik qildi.Muzokara chogʻida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, suv xoʻjaligi, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va aloqalarni rivojlanish istiqboli atroflicha muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, ikki mamlakat rahbarlarining kuchli siyosiy irodasi va qoʻllab-quvvatlashi natijasida Oʻzbekiston – Turkmaniston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilib, izchil oʻsib boruvchi xususiyat kasb etgan.
Tashqi ishlar vazirlari ilgari erishilgan oliy darajadagi kelishuvlar bajarilishini tahlil qildilar. Qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish muddati, jumladan, Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Turkmaniston hukumatlararo komissiyasi yigʻilishining navbatdagi raundi, Oʻzbekiston – Turkmaniston ishbilarmonlar kengashining birinchi yigʻilishini oʻtkazish muddati toʻgʻrisidagi takliflar koʻrib chiqildi.
Transport, transport-kommunikatsiyasi va tranzit sohasidagi aloqalarni kengaytirishga qiziqish bildirildi. Har ikki tomon “Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron – Oʻmon” xalqaro transport-kommunikatsiya yoʻlagini shakllantirish boʻyicha Ashxobod kelishuvini tezroq amalga oshirish tarafdori ekanini maʼlum qildi.
Muzokara chogʻida koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi oʻzaro aloqalar, shuningdek, Afgʻoniston muammosiga alohida eʼtibor berilib, xalqaro va mintaqaviy kun tartibining ayrim masalalari ham koʻrib chiqildi.
Bundan tashqari, koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish va pandemiyaning ikki tomonlama hamkorlikka taʼsirini kamaytirish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlar toʻgʻrisida fikr almashildi.