Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan 2019-yil 1-oktyabrga qadar import boʻyicha olib kirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini tashishga ixtisoslashgan transport vositalari bojxona toʻlovlari toʻlashdan ozod etilgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari tomonidan ushbu davr mobaynida xorijdan olib kirilgan, bojxona toʻlovlaridan imtiyoz asosida rasmiylashtirilgan transport vositalarining berilgan bojxona imtiyozlaridan maqsadli foydalanilishi boʻyicha monitoring ishlari olib borilganda, qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Navbatdagi tezkor tadbir davomida fuqaro Ye.D., T.J., R.J. va G.Oʻ. boshqaruvidagi “Kamaz” rusumli yuk avtotransport vositalari toʻxtatilib, hujjatlari oʻrganilganda, meva tashish uchun deb olib kirilgan ushbu avtotransport vositalari aslida “oʻrindiqli tyagach” boʻlishiga qaramasdan, oʻzboshimchalik bilan “samosval” yaʼni oʻzi koʻtarib tushiradigan yuk avtotransport vositasiga aylantirilib, gʻisht tashilayotgani fosh boʻldi. Natijada, 328 million soʻm bojxona toʻlovlari undirildi.
Binobarin, Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona Kodeksining 22-moddasi “a” bandiga asosan bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha imtiyozlar berilgan tovar va transport vositalari foydalanilishi va tasarruf etilishi cheklangan, shartli chiqarib yuborilgan tovarlar boʻlib hisoblanadi. Mazkur moddaning ikkinchi qismida, shartli chiqarib yuborilgan tovarlardan faqat bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha imtiyozlar berish shartlariga muvofiq boʻlgan maqsadda foydalanilishi mumkin. Ushbu tovarlardan ular nima maqsadda shartli chiqarilgan boʻlsa, faqat oʻsha maqsadda foydalanilishi lozimligi hamda bojxona toʻlovlari boʻyicha berilgan imtiyozlar toʻlangan taqdirda shartli chiqarib yuborilgan tovarlardan boshqa maqsadlarda foydalanishga yoʻl qoʻyilishi qayd etilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA